Mateus Lima O‘zbekistondagi hayoti, klub muxlislari va kelajagi borasida Braziliya nashriga intervyu berdi
"Nasaf" hujumchisi Mateus Lima Kruz Braziliyaning "Ge Globo" nashriga O‘zbekistondagi hayoti haqida intervyu berdi. O‘tgan mavsumda "ajdarlar" bilan ikkita kubok sohibiga aylangan futbolchi O‘zbekistonga moslashish, muxlislar va kelajagi haqida gapirib o‘tdi.
2022 yildagi O‘zbekiston kubogi finalida jamoasining g‘alabasiga qo‘shgan hissasi Lima uchun klubdagi faoliyatidagi burilish nuqtasi bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili Namanganning “Navbahor” klubiga qarshi o‘yinda g‘alaba golini urganidan keyin uning hayoti o‘zgargan.
- "Bu ajoyib tuyg‘u. Chempionlik goli men uchun klubdagi va muxlislar bilan munosabatlarimda burilish nuqtasi bo‘ldi. Men kelganimda hamma katta umidlar bog‘lashgan va Xudoga shukr, men urgan muhim gollar qatorida bu gol bilan ularning ishonchiga kira oldim", — dedi u.
“Uchrashuvdan so‘ng darhol shahrimizga qaytgan edik va kiraverishda odamlar to‘planib turgandi. Avtobus to‘xtadi va faqat murabbiy va men kubok bilan hammaning o‘rtasiga tushdik. Bu ajoyib edi, hamma quchoqlashdi, o‘pishdi. U erda taxminan 30 daqiqa qolib ketdik”.
“Mehmonda o‘ynashga borsak, ba’zi raqib muxlislar ham bizni olqishlaydilar, chunki mamlakatda eng yaxshi o‘yin ko‘rsatadigan klublardan birimiz. Ba’zi muxlislar men yashaydigan binoni topib kelishadi. Qiziq bir voqea sodir bo‘ldi: bir necha marta eshigimni taqillatib kelishdi. Xotinim hatto qo‘rqib ketadi, lekin ular shunday va biz ko‘nikib ketyapmiz".
Ammo O‘zbekistonda hammasi oson kechmadi. Limaning so‘zlariga ko‘ra, uning rafiqasi Klara Letisiya va ularning bir yosh-u to‘rt oylik o‘g‘li Genri Isaak yozda ovqat va yuqori harorat, qishda esa sovuq tufayli mamlakatga moslashishda muammolarga duch kelgan.
Shunday bo‘lsa-da, hujumchi O‘zbekistonning turli shaharlariga sayohat qilib turadi. Bu haqida uning o‘zi quyidagicha gapirib o‘tdi:
— "Bo‘sh vaqtlarimda butun dunyodan sayyohlar tashrif buyuradigan Samarqand degan shaharga borishga harakat qilaman. Bu bizning shahrimizga yaqinroq, poytaxt esa olti soatlik masofada va reyslarda joy topish oson emas", - dedi Mateus.
Jamoadoshlarining Braziliyaga bo‘lgan qiziqishi ham yuqori. Hujumchining so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik borasidagi xavotirlarga qaramay, boshqa mamlakatlardan kelgan ba’zi futbolchilar Janubiy Amerikaga tashrif buyurishni xohlashlarini aytishmoqda.
— "Mening jamoamdagi yigitlar har doim Braziliyadagi klublar haqida so‘rashadi: U er haqiqatan ham xavflimi va jinoyatlar ko‘pmi? Ular ham yurtimizdagi go‘zal joylarga qiziqib, ularga tashrif buyurish istagini bildirishmoqda".
Shartnomasi 2024 yilgi mavsum oxirigacha tuzilgan hujumchi Mateus Lima xursand va O‘zbekistonda qolishni istamoqda. Shu bilan birga, Braziliyaga qaytish istagi borligini ham ta’kidlab o‘tdi.
— "Men Braziliyaga qaytmoqchiman, bu men yaxshi ko‘rgan mamlakat, lekin hozir emas, balki ko‘p yillar o‘tib qaytishni xohlayman. Ammo hamma narsa bo‘lishi mumkin..."
"Men Ituramani va u erdagi odamlarni juda yaxshi ko‘raman. 15 yoshligimdan beri uzoqda bo‘lsam ham, har yili bir-ikki marta, bayramlarmda borib turaman”.
Fikrlar