Mbappe nega "Real"dan ketmoqchi ekani oshkor bo‘ldi
Klub ichida muammo bor
Frantsiya terma jamoasi va madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe kelgusi mavsumda Angliya premyer-ligasiga yo‘l olishi mumkin. Unga jiddiy qiziqish bildirgan klublar orasida «Liverpul» ham borligi aytilmoqda.
Teamtalk nashri insayder Fransua Gallyardo ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, mersisayd klubi rahbariyati allaqachon futbolchining onasi Fayza Lamari bilan bog‘langan. Manbalarga ko‘ra, Mbappe «Real» kiyinish xonasida o‘zini yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmayotgandek his qilmoqda. Jamoadoshlar tomonidan mehr va ishonch yetishmasligi unga jiddiy noqulaylik tug‘dirayotganini qayd etilgan.
Shuningdek, xabarlarda ta’kidlanishicha, fransuz yulduzi ikki mavsumdan buyon Ispaniyaning yetakchi klubi safida jiddiy sovrinlarga ega chiqa olmadi. Bu holat ham uning kelajagi borasidagi savollarni kuchaytirmoqda.
Avvalroq ommaviy axborot vositalarida «Liverpul» kelasi yozda Mbappeni 250 million yevro atrofidagi miqdor evaziga sotib olishi mumkinligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Kilian Mbappe 2024 yil yozidan buyon madrid klubi sharafini himoya qilib kelmoqda.
Izohlar (0)