Mbappening jarohati haqida ma'lumot berildi

  • 02.03.2026 23:42
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Futbol

"Real Madrid" klubi hujumchi Kilian Mbappening sogʻligi borasida rasmiy bayonot berdi.

"Fransiyalik tibbiyot mutaxassislari tomonidan, “Real” tibbiy xizmati nazorati ostida oʻtkazilgan tekshiruvdan soʻng futbolchimiz Kilian Mbappega chap tizza bogʻlamlarining choʻzilishi tashxisi qoʻyildi. Shuningdek, u hozirda konservativ davolanish kursini oʻtayotgani tasdiqlandi. Uning holati muntazam ravishda nazorat qilinadi", — deyiladi klubning rasmiy saytidagi bayonotda.

Avvalroq Mbappe tizzadagi choʻzilishni davolash jarayonidan norozi ekani va klub shifokorlari ishidan qoniqmagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Vaziyatdan norozi boʻlgan hujumchi oʻtgan hafta klub ruxsati bilan Parijga borib, mahalliy mutaxassislar bilan maslahatlashgan. Shu sababli u Chempionlar ligasi pley-off bosqichidagi "Benfika"ga qarshi javob uchrashuvini oʻtkazib yubordi.

Hozirgi davolash rejasi jarrohlik amaliyotidan qochishga qaratilgan. Chunki operatsiya uni uzoq muddatga safdan chiqarishi mumkin.

"Real" futbolchining qachon maydonga qaytishi borasida aniq muddatlarni aytmayapti, biroq tiklanish jarayoni ijobiy kechayotganini taʼkidlamoqda. Nazariy jihatdan, u Chempionlar ligasi 1/8 finalidagi "Manchester Siti"ga qarshi bahsgacha sogʻayib ulgurishi mumkin. Ammo 11 mart kuni boʻlib oʻtadigan birinchi oʻyinda maydonga tushish-tushmasligi hozircha soʻroq ostida.

Joriy mavsumda Mbappe  barcha musobaqalar doirasida 33 ta oʻyinda maydonga tushib, 38 ta gol urdi va 6 ta golli uzatma amalga oshirdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!