"Men shunchaki yashashni yaxshi ko‘raman! Hayotdan zavq olib, baxtli bo‘lishni istayman" - Diogu Jota

  • 3 iyul, 20:22
  • Jahongir Inomjonov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yaqin 2 oy ichida APL chempionligi, faoliyatidagi ikkinchi Millatlar ligasi kubogi hamda 3 farzandining onasi bilan nikoh kechasini nishonlagan, qay tarzda o‘yin ko‘rsatishidan qat’iy nazar nafaqat o‘z jamoasi, balki butun dunyo futbol muxlislarining ko‘nglidan o‘rin olgan ajoyib hujumchi Diogu Jota yo‘l transport hodisasi tufayli yorug‘ dunyoni tark etdi.

Tecno

Hujumchi "Liverpul" muxlislarining eng sevimli futbolchilaridan biri edi. Jota so‘nggi yillarda uni qiynagan barcha jarohatlarga qaramay, doim tabassum bilan, ijobiy kayfiyatda yurar va hech qachon taslim bo‘lmas edi.

Image

Har bir imkoniyatdan unumli foydalanishga intilgan chaqqon hujumchi, shu tufayli jamoasining eng muhim gollarini urgan. Hatto yakuniga etgan o‘tgan mavsumda ham.

Arne Slot davrining ilk goli - APL birinchi turida "Ipsvich"ga qarshi bo‘ldi. Albatta, uni Jota urdi.

Yanvar oyida "Nottingem Forest"ga qarshi o‘yinda zaxiradan maydonga tushgach, birinchi teginishda gol urib, "Liverpul"ga hisobni tenglashtirishiga yordam berdi. Bu erda ismni aytishning hojati yo‘q - muallif kim ekanligi darhol tushunarli.

"Liverpul" chempionlik mavsumida uch marta 1:0 hisobida g‘alaba qozongan - ulardan ikkitasini aynan Diogu gol urgan. Aprel oyida "Everton"ga urilgan gol - Jotaning barcha fazilatlari mujassam bo‘lgan harakat: to‘pni tortib oldi, jarima maydonchasi ichida ikki kishini aldab o‘tdi-da, gol urdi.

Image

Va bu "Liverpul" bir soat davomida "Everton" himoyachilarining "avtobus"ini yorib o‘tolmaganidan keyin sodir bo‘ldi. Chempionlik yo‘lidagi eng muhim gol. Afsuski, endi bu gol Jota uchun abadiy so‘nggisi bo‘lib qoladi.

Diogu eng zich himoyada ham darvozaga yo‘l topa olar va imkoniyatlarni boy bermasdi. Hatto Jota muvaffaqiyatsizlikka uchraganida ham, muxlislar uning qaytishini kutishardi - sababi u qiyin vaziyatlarda 3-5 ta golni barqaror tarzda urardi. Bu ba’zida hujumdagi boshqa o‘yinchilarga etishmaydigan fazilat. Shuning uchun ham uni kutishardi. Bir paytlar bo‘yi 178 santimetr bo‘lgan hujumchi boshi bilan urilgan to‘plar bo‘yicha Evropa ligalari etakchilari qatorida edi. U bu jihatda Krishtianu va Keyndan ham o‘zib ketgandi.

Jotani ikki so‘z bilan ta’riflash mumkin: bu mehnatsevarlik va moslashuvchanlikdir. Klopp davrida boshlang‘ich tarkibda Roberto Firminoni siqib chiqaradiganlar kam edi - uning roli juda noyob edi. Diogu kelib, buni uddaladi, o‘zi uchun ham, Saloh bilan Mane uchun ham ter to‘kdi. U markazdan ham, chapdan ham, hatto bir-ikki marta o‘ngdan ham joy oldi.

Jotaning hayotga va futbolga bo‘lgan muhabbati kuchli edi. U maydondan tashqarida ham doimo o‘yin haqida o‘ylardi. Bo‘sh vaqtlarida FIFA o‘ynardi - bu borada unga teng keladigan futbolchi yo‘q edi. Hatto o‘yinda ham u taktikani puxta o‘ylab, professional kibersportchi maqomiga erishdi. Tabiiyki, u haqiqiy gollarni ko‘pincha qo‘lida xayoliy geympad bilan nishonlardi.

Image

So‘nggi oylarda Jota nihoyat APL chempioni bo‘ldi va buni jamoadoshlari bilan bayram qildi. Terma jamoa bilan Millatlar ligasini ikkinchi bor qo‘lga kiritdi. Dam olish ta’tiliga chiqib, uch farzandining onasi bilan nikohdan o‘tdi - ular maktabdanoq birga edilar.

Hayot endi boshlanayotgandek tuyulardi - bir dona yorilib ketgan shina bularning barchasiga chek qo‘yishi mumkinligi dahshatli. Bir necha yil oldin Jota "The Athletic" nashrida futbolga bo‘lgan qarashlarini batafsil bayon etgandi. Suhbat umuman o‘yin haqida bo‘lmagan hayotbaxsh jumla bilan yakunlangan edi.

- Men shunchaki yashashni yaxshi ko‘raman! Hayotdan zavq olib, baxtli bo‘lishni istayman.

J. Inomjonov

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!