
Menni Pakyao bilan bir kechasida ringga ko‘tariladiga o‘zbek bokschisining raqibi aniq bo‘ldi. U hali mag‘lubiyatga uchramagan...
10 dekabr kuni Janubiy Koreyaning Seul shahrida professional boks kechasi tashkil etiladi. Ushbu boks oqshomining markaziy jangida afsonaviy Menni Pakyao (62-8-2,39 KO) o‘ziga xos ko‘rgazmali jangda koreyalik bloger Di Ke Yo bilan to‘qnash keladi.
Ushbu kechaning anderkardida professional boksning engil vazn toifasida (61,2 kg) faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik bokschi, Janubiy Koreyaning "Cocky Buffalo" promouterlik kompaniyasi a’zosi Abdurasul Ismoilov (9-1, 5KO) ham navbatdagi jangini o‘tkazadi.
Sports.uz saytiga ma’lum bo‘lishicha, shu kuni hamyurtlarimizga amerikalik, hali mag‘lubiyatga uchramagan bokschi Abel Mendoza raqiblik qiladi.
Ismoilov faoliyat davomida 10 ta jang o‘tkazib, 9 tasida g‘alaba qozongan. Shulardan 5 tasida raqiblarini muddatidan oldin mag‘lub etgan.
26 yoshli Mendozaning janglar statistikasi esa bu borada ideal. U 33 ta jangdan barchasida raqiblarini er tishlatgan. Janglarining 25 tasida esa muddatidan oldin g‘alaba qozongan.
Ushbu to‘qnashuvda Ismoilovga omad tilab qolamiz!
Fikrlar