Menorkada gʻalati holat: Absattarning natijasi nega hisoblanmadi?
Ispaniyaning Menorka orolida o'tgan nufuzli shaxmat musobaqasida bahsli holat yuzaga keldi. Argentina vunderkindi Faustino Oro 9 turdan keyin 6 ochko to'pladi, ammo hatto maksimal 9 ochko olganida ham grossmeysterlik normasini bajara olmasdi. Sabab — u turnir davomida birorta ham grossmeysterga qarshi dona surmadi.
Oroning o'zi bu holatga hotirjam munosabat bildirdi:
"Men faqat shaxmat o'ynashga harakat qilaman va boshqa narsalar haqida o'ylamayman. Agar yaxshi o'ynasam, grossmeyster unvoni o'zi keladi".
Biroq musobaqaning hal qiluvchi pallasida eng katta muhokama 9-tur atrofida yuzaga keldi. Ilk xabarlarda Oro 9-turda Qozog'istonlik iqtidorli shaxmatchi Alisher Absattarga "keskin partiyada yutqazgani" aytildi. Aslida esa bu uchrashuv umuman bo'lib o'tmagan.
Ma'lum qilinishicha, Faustino Oro o'zini yomon his qilgani sababli partiyaga kelmagan. Qoidalarga ko'ra bu texnik mag'lubiyat sifatida qayd etildi, ammo o'yin amalga oshmaganligi uchun reyting hisob-kitobiga kiritilmadi.
Eng qiziq jihati shundaki, 2012 yilda tug'ilgan va 2185 reytingga ega Alisher Absattarning o'zi ham grossmeysterlik uchun kurashayotgan edi. "Chess-Results" ma'lumotlariga ko'ra, u musobaqani 7 ochko bilan 5-o'rinda yakunlab, 2655 performans qayd etgan. 8-turda xitoylik IM, 9-turda esa Faustino Oro partiyaga kelmagani sababli Qozog'istonlik shaxmatchi ketma-ket ikki texnik g'alabaga ega bo'ldi.
FIDE qoidalarida shveytsar tizimidagi turnirlardagi ayrim holatlarda 8 ta o'yin orqali norma hisoblanishi mumkin. Bu, odatda, raqibning ataylab kelmay qolishi orqali bosim o'tkazish holatlarining oldini olish uchun joriy qilingan.
Ammo Absattar holatida muammo shundaki, u ikki marta texnik g'alabaga erishdi. Natijada uning amalda o'ynagan partiyalari 7 ta bo'lib qoldi. Mavjud qoidalarga ko'ra esa 7 ta partiya orqali grossmeysterlik normasini tasdiqlash deyarli imkonsiz.
Shu bois Menorkadagi bu vaziyat shaxmat jamoatchiligida katta shubha uyg'otmoqda. Rasmiy bu holat tasodif yoki Oroning sog'ligi bilan izohlanishi mumkin. Biroq tashqi tomondan qaralganda, reytingidan ancha kuchli o'yin namoyish etayotgan Alisher Absattarga qarshi ikki raqibning ketma-ket kelmay qolishi juda g'alati ko'rinmoqda.
Eng achinarlisi, bu holatda eng katta jabrlanuvchi aynan Qozog'istonlik yosh iste'dod chekdi — u ajoyib o'yiniga qaramay, ehtimoliy grossmeysterlik normasidan quruq qoldi.
Fikrlar