
Kichikkina shaharchada Messining “tishi o‘tmagan” dunyodagi yagona jamoa bor
Zamonaviy futbolning eng zo‘r hujumchilaridan Lionel Messi faoliyatida o‘nlab rekordlarni yangilagan ajoyib futbolchi ekanini uning raqiblari ham tan oladi. Bir necha yillardan buyon yuqori saviyada to‘p surayotgan Leo shubhasiz “Barselona” tarixidagi eng zo‘r futbolchi bo‘lib qoladi.
To‘g‘risini aytganda, Messining “Barselona”da erishgan natijalari, rekordlarini takrorlay oladigan yoki yangilaydigan futbolchi boshqa bo‘lmasa kerak. Leo erishgan cho‘qqilarga e’tibor qaratgan har bir odam ana shu fikr kelishi aniq.
Biz Lionel Messiga qarshi o‘ynab, “Barselona”dek grand klubni mag‘lub eta olgan oddiygina klubning tarixiy natijasi va Leoning faoliyatiga oid ayrim qiziqarli faktlarni e’tiboringizga havola etamiz.
Ronaldinoning kutilmagan sovg‘asi
Bugun “Barselona” tarkibida 10 raqamni o‘ziniki qilib olgan Messi bu raqamga osonlikcha erishmagan ekan. U jamoaga qo‘shilgan vaqtda mashhur raqamlar super futbolchilarga tegishli edi. O‘shanda 9-raqamda Eto’O o‘ynardi. 10-raqam egasi Ronaldino edi. Dzambrotta esa “Yuventus”dan kelishi bilan 11-raqamni olgandi. Shuning uchun Messi “Barselona”dagi debyutini 30-raqam ostida nishonladi.
18 yoshli Messi “Barsa”ning asosiy jamoasiga qo‘shilganida raqamini o‘zgartirdi. U ikki mavsum davomida 19-raqamda o‘ynadi.
Messiga hozirgi raqamini Ronaldino berganini ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak. “Barselona”ni tark etishidan bir necha oy avval, braziliyalik super yulduz Messiga 10-raqamni olishni taklif etdi.
O‘sha voqeani Messi shunday xotirlaydi: “16 yoshingda yangi jamoaga kirishib ketio‘ oson bo‘lmaydi. Ayniqsa, meni xarakterimdagi odam uchun. Meni Ronaldino qo‘llagan va raqamini bergan. Men uning bu raqamda erishgan natijalariga (207 uchrashuvda 94 ta gol) e’tibor bermasdan,raqamni oldim. Uning ma’uliyatini o‘ylaganimda qo‘l cho‘zmasdim.
Sir emas, Messi shu 10-raqam qiroliga aylandi. Uning bu raqamda natijalari Ronaldinonikidan bir necha barobar yuqori bo‘lmoqda.
Bu kemtikni to‘ldirib bo‘lmaydi
Lekin Messidek futbolchi faoliyatida ham o‘ziga yarasha kemtik bor. Aslida argentinalik hujumchi o‘ziga qarshi o‘ynagan 80 dan ziyod jamoalar bilan o‘yinlarda g‘alaba nashidasini surgan. Ammo, Santa-Koloma-de-Gramenet shaharchasi sharafini himoya qiladigan “Gramenet” jamoasiga “tishi o‘tmagan”.
Bu voqea 2004-2005 yilgi mavsumda Ispaniya kubogining 1/32 bosqichida ro‘y bergan. Qoidaga ko‘ra, bu musobaqaning dastlabki bosqichlari bitta o‘yindan iborat bo‘ladi va kuchli jamoalar raqib maydonida o‘ynaydi. Leo 2004 yilning 27 oktyabr kuni “Barsa” tarkibida Santa-Koloma-de-Gramenet shahridagi uchrashuvda “Gramenet”ga boshlang‘ich tarkibda o‘ynaydi. U bilan birga hujumda Xenrik Larsson va Lyudovik Jyuli kabi yulduzlar to‘p suradi. Yarim himoya ham chakki emas – Xavi, Inesta va van Bronkxorstga topshiriladi, himoya qo‘rg‘onidan Markes, Puyol, Fernando Navarro, Oleger joy oladi.
O‘sha o‘yinda yosh bo‘lishiga qaramay, Messi jamoasining eng faol o‘yinchisiga aylangan edi. Hatto, bir marta darvozani ishg‘ol qilish imkoniyatini ham boy beradi.
Ming nafar tomoshabinga mo‘ljallangan “Munisipal de Santa-Koloma” stadionini to‘ldirib o‘tirgan muxlislar ko‘z o‘ngida “Gramenet” grand klubga qarshi qahramonlarcha kurashadi va asosiy vaqtda hisob ochilmaydi. Qo‘shimcha vaqtda, ya’ni o‘yinning 103-daqiqasida “Barsa”ning ustidan muzdek suv quyiladi – doimo quyi ligalarda o‘ynagan Oskar Oles grand klub darvozasini ishg‘ol qiladi.
Tarixda abadiy qoladi
Shu tariqa, “Barsa”ni musobaqadan chiqarib yuborgan “Gramenet” Messi engolmagan yagona klub sifatida tarixga kirdi. Bu jamoa doim quyi ligalarda ishtirok etishi bois, Leoda bu kemtikni to‘ldirish imkoniyati deyarli qolmagan.
Shu o‘rinda, bir vaqtli “Barsa”ni muvaffaqiyatli boshqargan Tito Vilanova 2001 yili futbolchilik faoliyatini aynan “Granemet” jamoasida yakunlaganini eslatib o‘tishni lozim topdik.
Fikrlar