Milan Mitrovich: "So‘g‘diyona" men bilan keyingi mavsumga shartnoma tuzishni xohlamadi"
Ma’lumki, yaqinda serbiyalik darvozabon Milan Mitrovichning “So‘g‘diyona” jamoasi bilan xayrlashgani e’lon qilindi.
U jizzaxliklar safiga 2018 yili qo‘shilgan bo‘lib, o‘tgan vaqt davomida jamoa muxlislarining mehrini qozondi.
Futbolchini ancha muddat bir klub safida faoliyat olib borishi oson ish emas, ayniqsa legionerlarni. Biroq Mitrovich uchun “So‘g‘diyona” ikkinchi uyiga aylanib qolgandi. Endilikda esa ularning hamkorligi yakuniga etdi.
Sports.uz jurnalisti Mitrovichdan intervyu oldi.
- Milan, “So‘g‘diyona” bilan xayrlashish kerakligini qachon his qildingiz?
- Yil boshida, chempionat boshlanishidan uch kun avval men kasal bo‘lib qoldim. Natijada 21 kun izolyatsiyada bo‘ldim. Shundan so‘ng mashg‘ulotga qatnashdim. 3-turda “Paxtakor” bilan bellashuvda maydonga qaytdim. O‘sha o‘yinda jiddiy jarohat oldim. Buning natijasida ikki oy tanaffus olishga majbur bo‘ldim. Shu bilan chempionatning yarmi tugagandi va men bitta uchrashuvda maydonga tushdim, xolos. Shundan so‘ng yana qaytdim. Shunday qilib, mavsumni tugatdim. Natijada klub rahbariyati men bilan keyingi mavsumga shartnoma tuzishni xohlashmadi. Shu bilan “So‘g‘diyona”dagi missiyam yakunlandi.
- Sizni bu klubda 7,5 yil davomida nima ushlab turdi?
- Men har bir o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdim va g‘alaba qozonishni juda xohladim. Hech bo‘lmasa bitta bo‘lsa ham sovrin yutishni istadim. Afsuski, buni imkoniyati bo‘lmadi. Lekin ikkinchi o‘rinni olib men tarixga kirdim. Biroq klubdagi maqsadimga to‘liq etisha olmadim. Jamoadagilar menga ishonishda davom etishdi, muxlislar qo‘llab-quvvatlashdi. Shu sababli klubda 7,5 yil qoldim. Menga boshqa jamoalardan takliflar bo‘lganida ham Jizzaxda qolganman. O‘zim ham bir necha bor “So‘g‘diyona”da qolishim haqida aytib kelganman. Qachonki, klub men bilan hamkorlik qilishni to‘xtatsa, shunda ketishim mumkinligini ta’kidlab kelganman. Shunday kun keldiki, ular o‘sha gapni aytdi.
- “So‘g‘diyona”da nisbatan ozroq o‘yin o‘tkazdingiz. Demak, bu jarohat bilan bog‘liq...
- Yuqorida aytganimdek, mavsum boshida kasal bo‘lib qoldim. Undan keyin esa jiddiy jarohat oldim. Bularni barchasi mavsum davomida o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Shu sababli kam o‘ynadim.
- “So‘g‘diyona”dagi faoliyatingiz davomida siz uchun unutilmas uchta o‘yin?
- Qachonki, biz OKMKni mag‘lub etib uchinchi ino‘rinni egallaganimiz, “Mash’al”ga qarshi pley-offda o‘ynab, raqibni engib Superligada qolganimiz hamda biz OFK Kubogida “Estern”ni yutib yarim finalga chiqqan o‘yinlarimiz esda qolgan.
- Oldingizda variantlar bor. Sir bo‘lmasa, Superligani qaysi klublaridan jiddiy qiziqish bor?
- Menda bir qancha takliflar bor. Biroq bu haqida to‘liq ayta olmayman. 100 foiz aniq bo‘lganda, aytishim mumkin.
- Umuman, yangi mavsumda yana yurtimizda qolmoqchimisiz yoki chetga ketishni rejalashtiryapsizmi?
- Bu xususida hech narsa bilmayman. Uyga boraman, oilam bilan dam olaman. Keyin ko‘rib chiqaman. Futbol meni qaysi tomonga boshlaydi, qaysi tarafga yo‘lim ochiladi, hammasini vaqt ko‘rsatadi.

Fikrlar