Millioner! Husanov “Siti”da jami qancha maosh oladi?
Frantsiyaning L’Équipe sport nashri Angliya Premier-ligasidagi eng yuqori maosh oluvchi 5 nafar futbolchidan iborat reytingni eʼlon qildi. Ularning topayotgan daromadiga boshqa liga vakillari havas qilsa arziydi.
Ushbu roʻyxatni “Manchester Siti” hujumchisi Erling Holand boshqarmoqda. Norvegiyalik toʻpurarning oylik maoshi 2,63 million yevroni tashkil qiladi.
APLda oylik eng yuqori maosh oluvchi TOP-5 futbolchilar roʻyxati quyidagicha:
- Erling Holand (“Manchester Siti”) — 2,63 million yevro.
- Muḥammad Saloḥ (“Liverpul”) — 2 million yevro.
- Kazemiro (“Manchester Yunayted”) — 1,75 million yevro.
- Virjil van Deyk (“Liverpul”) — 1,75 million yevro.
- Brunu Fernandes (“Manchester Yunayted”) va Bukayo Saka (“Arsenal”) — 1,5 million yevrodan.
Oʻzbekistonlik futbol ishqibozlarini Angliya Premier-ligasida oʻynayotgan hamyurtimiz Abduqodir Husanovning maoshi qiziqtirishi tabiiy. 22 yoshli futbolchimiz, tabiiyki, Premier-liga yulduzlari darajasida daromad topmaydi va katta maosh oluvchi oʻyinchilar reytingida koʻrinmaydi.
Biroq shuni taʼkidlash joizki, Capology portali avvalroq Husanovning “Manchester Siti”dagi maoshi haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qilgan edi. Futbolchi Angliyada yiliga 3,8 million yevro ishlaydi.
“Manchester Siti” bilan 2029 yilning 30 iyunigacha imzolangan shartnoma davomida Abduqodir jami 15,2 million yevro ishlab topadi. Bu summa klub oʻzbek futbolchisi bilan kelishuvni yangilaganda oʻzgarishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, Abduqodir Husanov oʻzining birinchi professional klubi – Belarusning “Energetik-BGU” jamoasida oʻynagan davrida va keyinchalik Frantsiyaning “Lans” klubiga koʻchib oʻtgandan keyin ham bundan ancha past miqdordagi maoshga oʻynagan.
Angliya Premier-ligasi klublari jahon futbolida oʻyinchilarga eng koʻp maosh berishi bilan ajralib turadi.
Fikrlar