Millionlar mehrini qozongan “Barselona”

  • 2 avgust, 2020, 00:50
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

120 yildan buyon bizlarga futbol, deya atalmish beqiyos sport turining chinakam go‘zalligini namoyon qilib kelayotgan, dunyo bo‘ylab millionlab  muxlislarning e’tiborini qozongan “Barselona” tarixiga nazar tashlaymiz.

1899 yilning 22 oktyabri...

Pochtalon har bir uyga gazeta tashlab ketar, xonadon egalari uyg‘onib, qo‘llaridagi bir finjon kofe bilan kunning muhim yangiliklarini o‘qir ekanlar,“21 yoshli hisobchi tashabbusi bilan Barselona shahrida ham futbol jamoasi tuziladi” degan sarlavhada bir to‘xtab olishadi. Menimcha, hali uyqusirayapman, deya uni qayta-qayta o‘qib ko‘rib ham ishonmay, o‘sha “qahramon”ni izlashga tushadilar.

gamper_1

El og‘ziga tushgan yigitcha shveytsariyalik Gans Joan Gamper edi. Bu nomni eslab qoling azizlar...

Atrofdagilarning tanqidlari, o‘sha damdagi notinchliklarga qaramay, o‘z qarorida qat’iy turgan  yigit kelajakni ko‘ra oladigan tavakkalchilardan edi. Xullas, o‘zining asl maqsadini 11 nafar konchidan boshqaga tushuntira olmagan Joan Gamper, 29 noyabr sanasida klub ochib, uni inglizchasiga “Foot Ball Club Barcelona”, deb nomlashga jazm qiladi.

konchilar

Gamper jamoaning nafaqat asoschisi va birinchi prezidenti, balki mohir o‘yinchisi ham bo‘lgan. 51 ta o‘yinda, 120 ta gol kiritib, asos solgan klubining ilk to‘purariga aylangan. Klub oyoqqa turishi uchun u o‘z jonini bir necha bor xatarga qo‘yadi, bir nechta tahdidlarga ko‘z yumadi. 24 iyun 1925 yilda esa o‘sha paytdagi Ispaniya diktori Primo de Rivera uni Kataloniya millatchiligini targ‘ib qilishda ayblab, hibsga oladi. Shundan so‘ng Gamperning sog‘ligi yomonlasha boshlaydi. Oradan uning uchun og‘ir yillar o‘tib, u kuchli depressiyaga tushib qoladi. 1930 yilda buyuk klub asoschisi o‘zini otib o‘ldiradi va bu dunyoni erta tark etadi.

O‘sha davrning o‘zi xavf-xatar ichida edi. Avvaliga I jahon urushi, ketidan fuqarolar urushi, keyin Ispaniyadagi qon to‘kilishlar – bularing barchasi kichik klub uchun katta sinov bo‘lgan.

1936 yilning 6 avgustida klub prezidentlik taxtiga Xosep Sunol o‘tiradi.  Ko‘p o‘tmay, u ham siquvga olina boshlaydi va bir necha kunlardan so‘ng frantsuzlar tomonidan hibsga olinib, o‘ldiriladi.  Bir yil o‘tgach, jamoa AQSh va Meksika safariga otlanib, oqibatda yarim jamoasiz qaytadi. 1938 yil 16 martda fashistlar “Barca“ ijtimoiy klubini portlatib, tahdid qila boshlaydi.  Oradan ko‘p o‘tmay, shaharni “frankoistlar” egallab oladi va klub Katalon sha’nining himoyachisi sifatida uzluksiz muammolarga giriftor bo‘la boshlaydi.  Fuqarolar urushidan keyin katalon tilida so‘zlashish taqiqlanib qo‘yiladi. Shuningdek, ispan tiliga mansub bo‘lmagan atamalardan foydalanish ham man etiladi.

1941 yilda klub nomini ispancha “Club de football Barcelona“ga o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. Buni qarangki, o‘shanda ham jamoa o‘ziga otilgan toshlardan sinmay, 1948-1949 yillarda chempionatni birinchi o‘rinda yakunlaydi. Vaholanki, o‘sha vaqtlarda Ispaniyaning birinchi raqamli insoni Fransisko Franko poytaxt jamoasi - “Real Madrid”ga gol urgan futbolchilarni qatl ettirishdan ham tap tortmagan.

rueb86db767a1

“Barsa” esa sinovlardan sinmay o‘z yo‘lida davom etadi. Yarim asr davomida o‘ziga uy topolmay kelgan Kataloniya jamoasi 1957 yilda “Kamp Nou” o‘yingohiga ega bo‘ladi. Shundan so‘ng, “Barselona” ko‘kragiga shamol tega boshlaydi, buyuk kelajak sari qadam tashlanadi.

unnamed_16

1973 yil... “Barselona” futbol klubini yuqori darajaga ko‘tarish vaqti kelgandi. Aynan o‘sha yil jamoa falsafasi butkul o‘zgarib, jamoaga “yangi qon quyilgan davr”, deb eslanadi. Nega deysizmi? Barchasiga niderlandiyalik yoqimtoyning Ispaniyaga qilgan safari sabab. Ha, bu Yoxan Kroyf. O‘sha davrdagi rekord summa, 920000 funt sterling evaziga Niderlandiyadan olib kelingan yulduz futbolni san’at darajasiga olib chiqadi.

1978 yili jamoaga Xosep Luis Nunes prezident etib saylanadi va ushbu insonning aqlli siyosati bilan klub gullay boshlaydi. Bir yil o‘tib, jamoa o‘zining xalqaro maydondagi birinchi sovrini – “Kubok egalari kubogi”ni yutib, Evropada tengsiz, deb topiladi.

1978-79

Kataloniyaliklar ta’biri bilan aytganda, dunyoning 8-mo‘’jizasi –  La Masiya” (“Barselona” bolalar futbol maktabi) ham Nunesning prezidentlik davrida quriladi. Bu maktab hamon “Barsa”ning muvaffaqiyatlarida “motor” vazifasini bajarib kelmoqda.

1988 yilda esa butun futbol olamiga “total futbol”, “tiki-taka” kabi terminlarni olib kirgan “Barsa” afsonasi Yoxan Kroyf jamoa murabbiylik postiga o‘tiradi va tarixni boyitishda davom etadi. 1992 yilda jamoa o‘zining ilk Chempionlar Ligasi kubogi va UEFA Superkubogini qo‘lga kiritadi. Gollandiyalik daho o‘zining murabbiylik faoliyati davrida Katalon klubi sovrinlar muzeyiga 21 ta titul olib keladi.

“Tiki-taka” bu maydon markazidan o‘zaro qisqa paslar bilan raqib jamoa futbolchilarini gangitib, tabloda hisob o‘zgarishiga olib keladigan futbol taktikasi.

Kroyf Kataloniyada “orzular jamoasi”ni yig‘a boshlaydi. Andoni Subissarreta, Xose Bakero, Mikael Laudrup, Ronald Kuman, Xristo Stoichkov, Eusebio Sakristan, Romario, Luish Figu kabi dunyo tan olgan mahoratli charm to‘p ustalari irodasi metindek “Barsa”ga jahon arenalarida zafarga quchishga yordam beradi.

photo_2020-06-06_11-35-40

Shundan so‘ng, “Barsa”da birin-ketin rahbariyat almashinuvi yuz beradi, chunki ko‘zga tashlanadigan natijalar deyarli bo‘lmaydi.

Katalon klubi tarixida, muxlislar yuragida o‘chmas iz qoldirgan Laporta jamoaning yangi prezidenti etib saylanadi. U kelishi bilanoq, jamoaga gollandiyalik yosh mutaxassis Frank Raykardni chorlaydi. Aksariyat muxlislar bu qarorga qarshi chiqib, uni bir muddat yomon ko‘rib ham qolishadi.

Raykard bu qaror to‘g‘ri ekanligini isbotlash maqsadida o‘zi uchun birin-ketin muhim figuralarni yig‘a boshladi: braziliyalik raqqos Ronaldinoni olib kelinishi Kataloniya jamoasi ishqibozlarini doim pozitiv kayfiyatda ushlab turdi. O‘ziga maxf etuvchi o‘yini, fintlari, to‘psiz harakatlari, gol nishonlashi va hattoki uning takrorlanmas tabassumi ham “Barselona” jamoasi muxlislarini bemalol boshqa klub fanatlari oldida gerdayib yurishiga imkon yaratib bergandi. Tarkibida mana shunday futbolchisi va Larsson, Eto`O, “La Masiya” mevalari – Puyol, Inesta, Xavi, Valdes bilan “Barsa” allaqachon futbolda o‘chmas bitik qoldirib bo‘lgandi.

1584227905_messironald

Yil sayin “Barselona” muzeyi kattalashib, ichidagi yaltiroq kuboklardan go‘zallashib borardi. Azaliy raqibi bo‘lmish  Madridning “Real”idan ochko va unvonlarni tortib olish esa “Kamp Nou” egalarining  “xobbi”siga aylangandi. Aynan Frank Raykard “ko‘k-anor ranglilar”ning tarixida ikkita yodda qoladigan sahifa ochilishida muhim rol o‘ynagan. Biri “trebl” bo‘lsa, ikkinchisi - Lionel Messi... 

Ispaniya klublari orasida birinchi bo‘lib ichki chempionat va kubok, Evropa tojini bir mavsumning o‘zida qo‘lga kiritgan ilk jamoaga aylantirish va bo‘lajak futbol afsonasini asosiy jamoaga o‘tkazish  aynan uning qo‘lidan kelgandi.

Messi otasi bilan Kataloniyaga uchib kelgan paytidayoq “Barselona tarixi” kitobi uchun muqova yaratilib bo‘lingandi. Leo maydonda amalga oshirolmaydigan biror bir ish yo‘q, uning mislsiz iste’dodini tan olmaydigan futbol ixlosmani bo‘lmasa ham kerak. 5 yoshidan Argentinaning qandaydir ko‘chasidan “Barselona” nazariga tushib, o‘zidan bo‘yi va gavdasi jihatdan anchagina katta bolalarni to‘p bilan “o‘ynatishi”, Ronaldino kabi sehrgarning raqamini tortib olishi, asr-asr tarixi bor klublarning birinchi raqamli dushmaniga aylanishi, futbol olamidagi barcha individual sovrinlarni qo‘lga kiritishi, qanchadan-qancha murabbiylarni unga qarab o‘yin uslubi tanlashi, millionlab odamlarni o‘zining ismi tushirilgan futbolkalarda yurishiga beixtiyor majburlab qo‘yishi uning naqadar buyuk va ushbu klub uchun mukammal insonligidan dalolat beradi.

RAIKARD_Frank15

Raykard o‘z missiyasini ortig‘i bilan bajarib jamoani “La Masiya”dan chiqqan mutaxassis, Xosep Gvardiolaga topshirgandi. Pep esa bungacha mazkur jamoa falsafasini, uning mohiyatini suv qilib ichib yuborgandi va uning mana shu tushunchasi Katalon klubining “tiki-taka”sini “pik”ka chiqardi. Ispaniyalik mutaxassis “Barsa”ni ikki bor Evropa va jahonda tengsiz qildi, Ispaniyadagi sovrinlarni gapirmasa ham bo‘laveradi.

Uning faoliyatining aksar qismi klubning yangi prezidenti Rossel davriga to‘g‘ri keldi. Yangi rahbar klubda deyarli o‘zgarishlar qilmadi, shunchaki uning baxti - Gvardiolaning sermahsul murabbiylik davriga to‘g‘ri kelib qolganida bo‘ldi.  Bu hayotda hech bir narsa abadiy emas deganlaridek, Pep ham, jamoa prezidenti Rossel ham klubni tark etdi. Murabbiylik kursiga taktik chizmalari bilan mashhur, Tito Vilanova kelgan bo‘lsa, “Barselona”ning yangi “boss”i Xosep Bartomeu bo‘ldi. Yillar davomida shakllanib kelgan “total futbol”, “tiki-taka” o‘yin uslublarini munosib davom ettirish niyatida Tito Yoxan Kroyf, Frank Raykard, Xosep Gvardiolaning qo‘l chizmalaridan ustalik bilan foydalanib, “ko‘k-anor ranglilar” aravasini torta bildi. Vilanova umrining so‘nggi daqiqalarigacha “Barsa” deb yashadi va rak kasalligi tufayli bu olamni erta tark etdi. Uning xotirasini abadiylashtirish uchun “Barselona” mashg‘ulot bazasi Tito Vilanova nomi bilan ataldi.

Yangi prezident Bartomeu “otning kallasiday” pullar evaziga boshqa klubdan futbolchi taklif qilishga juda qiziqar va shu sabab “La Masiya”ga e’tibor sustlasha boshladi.

Vilanovadan keyin Luis Enrikening shonli damlari boshlangan edi. Messi-Suares-Neymar triosini  yaratib, qisqa masofadagi paslar sonini qo‘paytirish orqali bir nechta klublarning haqiqiy “bosh og‘rig‘i”ga aylangandi. Jamoa tarixida ikkinchi bor “trebl” degan so‘zni yozib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.

1207c296e11ea98ced434acbf66fd

“Ispaniyalik mutaxassisdan so‘ng, murabbiylik kursisini kimga topshirsak ekan?” degan savol janob Bartomeuni ko‘p qiynadi va u klubga yangilik olib kirish istagida “Barselona”da to‘p surgan bo‘lsa-da, uning sistemasidan yiroq bo‘lgan Ernesto Valverdeni taklif qildi. Afsuski, yillar  mobaynida gullab kelgan o‘yin uslabi Valverdi davriga kelib so‘na boshladi, kataloniyaliklar ketma-ket uch yil Chempionlar Ligasi kubogidan bo‘sa olisholmadi, murabbiyning sarguzashtlari shu bilan yakun topdi. Ernestoning yagona yutug‘i – bu “ikkinchi Messi” deya qaralayotgan Ansu Fatini kashf qilinishi bo‘ldi. 17 yoshidayoq futbol yulduzlari bilan elkama-elka to‘p surish, uning naqadar iqtidorli ekanligidan dalolat beradi.

1164157794.jpg.0

Shundan so‘ng, klub rahbari klubga “Barselona” so‘zini tushunadigan inson kerak ekanligini tushunib etdi va Kroyfdan andoza olib ishlaydigan mutaxassis, futbol va shaxmat sport turini birlashtirishni yoqtiradigan inson, mashhur bo‘lmasa-da, o‘yin uslubi va taktikalari “Barsa”ga mos tushadigan Kike Setenni olib keldi. Katalon klubi futbolchilari qadrdon o‘yin uslubiga qaytishni boshladilar, murabbiy esa ancha vaqt huvullab qolgan “La Masiya” iqtidorlarini tez-tez asosiy jamoada o‘ynata boshladi. Ko‘ramiz, sehrli pero hozir Setenning qo‘lida, asarni davomini unga bog‘liq...

                                                                                                            

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!