
"Motivatsiya yil boshidan beri bor" - Pro ligada hammadan ko‘p gol urayotgan futbolchi bilan suhbat
Pro ligani kuzatayotganlar u erdagi chempionat ancha shiddatli o‘tayotganini tasdiqlay oladilar. Shuningdek, to‘purarlar bahsi ham bundan mustasno emas.
“Qo‘qon-1912” futbolchisi Anvar Hojimirzaev hozirgacha raqiblar darvozasiga 14 ta gol urishga ulgurdi va bu borada u to‘purarlar orasida yakka peshqadam bo‘lib turibdi. Undan keyin “Dinamo” hujumchisi Joel Kojo bo‘lib, uning hisobida 10 ta gol bor.
Sports.uz muxbiri esa sermahsul o‘yin namoyish etayotgan Hojimirzaevga savollar bilan murojaat qildi.
- Avvalo, aytish mumkinki, to‘purarlar salohiyatingizni ko‘rsatyapsiz va hozirgacha 14 ta gol urdingiz. Buni qanday uddalayapsiz?
- Jamoadoshlarim mehnati va ota-onamning duosi bilan.
- Bunday sermahsulligingizni o‘zingiz ham kutmagandingizmi? Boshida nechta gol urish haqida o‘ylagandingiz?
- Albatta, doim oldimga yuqori maqsad qo‘yganman. Xudo xohlasa, to‘xtab qolmaymiz va harakatni davom ettiramiz.
- To‘purarlar ro‘yxatida ta’qibchilardan ancha o‘zib ketdingiz. O‘zingizni to‘purardek his qila boshladingizmi?
- To‘purarlik hissiyoti, albatta yaxshi. Biz g‘oliblik hissini his qilish niyatidamiz.
- Murabbiylar ham sizdan faqat gol urishni talab qilishyaptimi yoki maydondagi vazifangiz aslida boshqami?
- Albatta, talab bor. Hujumchi uchun gol urish bu yaxshi. Lekin muhimi, jamoa g‘alabasi.
- Siz uchun hozirgacha eng muhim va chiroyli golingiz qaysi?
- “Yunired”ga urgan golim. 2:1 hisobida yutganmiz. O‘shanda o‘yin oxirida g‘alaba golini kiritganman.
- Pro liganing darajasi qanday deb o‘ylaysiz? Superligadan nimasi bilan ortda?
- Pro liga Superligadan unchalik qolishmaydi. Chunki pro ligada ham raqobat juda yaxshi. “Dinamo”, “Lokomotiv”, “Qo‘qon-1912”, “Mash’al” - hammasi Superliga darajasida.
- Jamoangiz “Dinamo”ni ortda qoldirib 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Bu jamoaga qo‘shimcha ishtiyoq va motivatsiya beryaptimi?
- Bizda boshidan elitaga chiqish vazifasi bor edi. Motivatsiya esa yil boshidan beri bor. Maqsad o‘zgarmaydi.
- 1-o‘rin “Lokomotiv”niki va 2-o‘ringa “Qo‘qon-1912” bilan “Dinamo” kurashyapti, bu fikrga qo‘shilasizmi?
- “Mash’al” bilan “Sho‘rtan” jamoalarini unutmaslik kerak. Ular ham kurashadi. Hali chempionat davom etyapti.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar