Mundial oldidan ajoyib reyting: Husanov va yana 18 futbolchi!
Futbol jamoatchiligi 2026 yildgi jahon chempionatining boshlanishini kutmoqda. Ilk bor uch mamlakat – AQSh, Meksika va Kanada birgalikda mezbonlik qiladigan mundialda 48 ta milliy terma jamoa bahsga kirishadi.
Ayni paytda ishtirokchi jamoalar oxirgi tayyorgarlik bosqichini o'tmoqda. Sport manbalari esa, o'z muxlislariga turli-tuman qiziqarli ma'lumotlarni yetkazmoqda.
Ayna shunday faktlardan biri qaysi klub mundialga eng ko'p futbolchi yuborgani haqida bo'ldi.
Ma'lum qilinishicha. 2026 yildgi jahon chempionatida “Manchester Siti”dan eng ko'p futbolchi ishtirok etadi. “Shaharliklar” Shimoliy Amerikadagi mundialda qatnashadigan 12 ta mamlakat milliy terma jamoasiga jami 19 nafar futbolchisini yuborgan. Xususan, ular qatorida O'zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov ham bor.
Yangicha reytingning kuchli beshligi quyidagicha ko'rinish oldi:
- “Manchester Siti” — 19 futbolchi, 12 terma jamoa;
- “Bavariya” — 18 futbolchi, 10 terma jamoa;
- “Arsenal” — 16 futbolchi, 10 terma jamoa;
- “Pari Sen-Jermen” — 16 futbolchi, 9 terma jamoa;
- “Barselona” — 15 futbolchi, 8 terma jamoa.
Yana bir mashhur klubi – Madriddning “Real” jamoasi bu ko'rsatkich bo'yicha 13-o'rinni egallab, 9 ta terma jamoaga 10 nafar futbolchi yubordi. Qiziqishi shundaki, Ispaniya milliy terma jamoasiga “Qirollik klubi”dan birorta futbolchi jalb qilingan yo'q.
2026 yildgi futbol bo'yicha jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSh, Kanada va Meksika yashil maydonlarida bo'lib o'tadi.
Bu tarixda birinchi marta bir vaqtning o'zida uch davlat mezbonlik qiladigan jahon chempionati bo'ladi. Turnirda jami 104 ta uchrashuv o'tkaziladi va 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etadi.
O'zbekiston milliy terma jamoasi tarixiy chempionatda “K” guruhidan joy olgan bo'lib, pley-offga chiqish uchun Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya, Luis Dias va Xames Rodriges yetakchiligidagi Kolumbiya va jismonan baquvvat ijrochilardan tashkil topgan Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalari bilan raqobatlashadi.

Fikrlar