Mundialdagi so‘nggi raqib ham chakana emasdi...

  • 29.06.2026 00:06
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Bugun futbol bo‘yicha jahon chempionatining so‘nggi tur uchrashuvlari yakuniga yetdi. Bizning guruhda milliy terma jamoamiz Afrikaning Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi bilan o‘zaro kuch sinashdi.

Afrikaning ushbu jamoasi so‘nggi paytlarda qanday natijalar ko‘rsatgani bilan qisqacha tanishib chiqsak. 2025 yilning oxirida saralash bosqichida dunyo futbolining nomdor vakillari Kamerun va Nigeriyani taslim etdi. Afrika kubogida Senegal bilan durang o‘ynadi. Shuningdek, barchamiz ko‘rdikki, mundialda Portugaliya kabi Yevropaning grandi, o‘rtoqlik o‘yinida Daniya ham bu jamoaga qarshi durang o‘ynab murosa yo‘lini tanladi.

Agar jamoa tarkibiga nazar tashlasak, tarkib har qanday jamoaga bosh og‘rig‘i bo‘lishi mumkinligi ko‘rinadi. Jamoa o‘yinchilari "Nyukasl", "Vest Xem", "Real Betis", "Espanyol", "Uotford", "Sanderlend", "Börnli", "Monpelye", "Sent-Etyen" kabi Yevropa top-ligalaridagi jamoalarda faoliyat yuritishmoqda. Ba’zi mutaxassislar fikricha bu komanda turnirda har qanday tajribali termaga qarshi kurashuvchan futbol taklif etishga jismonan kuchi yetadi.

Albatta, yurtdoshlarimiz Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi ustidan g‘alaba qozonishimizni istashgan edi, biroq ishoning, bu o‘yinda garchi mag‘lub bo‘lgan bo‘lsak-da, bizning yigitlar maydonda mardonavor kurash olib borishdi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Alohida ta’kidlash kerak, ilk mundial hozirda doimiy ishtirok etib kelayotgan ko‘plab dunyo termalari uchun, tajriba bosqichi sifatida kelgusi g‘alabalarga zamin bo‘lib xizmat qilgan. Bugungi yigitlarimiz shunchalik mehnat qilib, jahon chempionatida butun dunyoga O‘zbekiston iste’dodli futbolchilar yurti ekanini namoyon etishdi.

Asosiysi futbolimiz hozirgidek, shu tarzda rivojlanishda davom etsin. Abduqodir Husanov, Oston O‘runov, Eldor Shomurodov, Abbosbek Fayzullaev, Behruz Karimov, Jahongir O‘rozov, Akmal Mozgovoy kabi futbolchilarimiz ortidan yana yosh yulduzlar yetishib chiqaversin.

Nasib bo‘lsa, kelgusi jahon chempionatlarida yuqori marralarni ko‘zlab, Yevropa grandlarini ham bizga qarshi hadiksirab maydonga chiqishiga majbur qilamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!