
Muzaffar Radjabov: "Men 20 yildan buyon yurtimiz sharafini munosib himoya qildim. Endi bu yo‘lni farzandlarim davom ettiradi"
O‘zbekiston yakkakurash olamida buxorolik Muzaffar Radjabovning o‘z o‘rni bor. Ushbu sportchimiz qariyib 20 yildan buyon yurtimiz sharafini kikboksing, qo‘l jangi, MMA kabi yakkakurash turlaridan munosib himoya qilib kelmoqda. Shuningdek, u Buxoro qo‘l jangi federatsiyasi rahbari, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi Buxoro bo‘limi raisi va O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda. Qolaversa, Buxoroda o‘zining “Amir Temur” klubiga asos solgan va yosh iste’dodlarni tarbiyalash kabi mas’uliyatli vazifani ham munosib uddalamoqda.
Biz ushbu hamyurtimizni suhbatga tortdik...
- Assalomu alaykum. Bilamizki, vaqtingiz juda tig‘iz, shunday bo‘lsa-da, suhbat uchun vaqt topa olganligingizdan hursandmiz.
- Assalomu alaykum. Vo alaykum assalom. E’tibor uchun minnatdorman.
- Avvalo, yangi lavozim ya’ni, O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimiga tayinlanganligingiz bilan muborakbod etamiz!
- Katta rahmat. Albatta, bizga ishonch bildirganlarni uyaltirib qo‘ymaslikka va qo‘ldan kelgancha O‘zbekiston kikboksingini rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shamiz, degan umiddaman!
- Siz shuningdek, Buxoro qo‘l jangi federatsiyasi rahbari va O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi Buxoro bo‘limi raisi sifatida ham faoliyat yuritasiz. Qolaversa, sportchilik faoliyati va murabbiylik ham bor, buni o‘ziga yarasha mas’uliyati va qiyinchiliklari bo‘lsa kerak?
- Bilasizmi, inson o‘z ishini sevib bajarsa, qilayotgan ishlaridan zavqlansa va amalga oshirayotganlaringiz yurtingiz sportiga qisman foyda keltirayotgan bo‘lsa, qiyinchiliklarni o‘ylamaysiz. Aksincha, yanada motivatsiya olasiz.
- Barchani hozir Muzaffar Radjabovga ushbu mas’uliyatli lavozimlar topshirilganidan so‘ng, yana janglar o‘tkaza olarmikan, degan savol qiziqtirayotganligi turgan gap?
- 20 yildan buyon xalqaro arenalarda yurtimizning bayrog‘ini ko‘tarib yuribmiz. Jahon chempioni bo‘ldik. Turli xalqaro turnirlarni yutdik. O‘ylaymanki, yomon faoliyat yuritmadik. Albatta, faoliyatimiz ham yakunlanib bormoqda. Bu yil so‘ngi janglarimni o‘tkazishni rejalashtirib turibman.
- Deyarli 40 yoshdasiz va bu omil janglaringizda jismoniy jihatdan ta’sir ko‘rsatmaydimi?
- Biz doimo, o‘zimizning jismoniy holatimizni ushlab turamiz. Bu borada muammo ko‘rayotganim yo‘q. Bu yilda 4 ta jang o‘tkazishni rejalashtirib turibman. Ikkitasi MMA yo‘nalishida bo‘lsa, qolgani WTKF bo‘yicha bo‘ladi.
- 93 kg vazn toifasida WTKF yo‘nalishida amaldagi jahon chempioni hisoblanasiz, demak, ushbu titulingizni himoya qilar ekansizda?
- Albatta, dekabr oyida Toshkent shahrida bu borada katta turnir bo‘ladi. O‘shanda himoya jangimni o‘tkazaman. Katta ehtimol bilan bu xayrlashuv jangim bo‘ladi.
- Buxoroda “Amir Temur” klubiga asos solgansiz va ko‘plab shogirdlarni tarbiyalab bormoqdasiz. Ushbu klubda shug‘ullanish bepulmi?
- Men shu vaqtga qadar, shogirdlarimdan bir so‘m olgan emasman. Barchasini bepul shug‘ullantiraman. Maqsadim murabbiylikdan pul topish emas, yangidan –yangi, ko‘plab jahon chempionlari chiqarishni maqsad qilganman. Balandparvoz gaplarmas, yurakdan chiqayotgan samimiy niyatlarimni aytdim xolos.
- Eshitishimizga qaraganda klubingizda nafaqat Buxoro balki, yurtimizning boshqa viloyatlaridan ham sportchilar kelib, mashg‘ulotlar olib borar ekan?
- Albatta, bizda ajratish yo‘q. Biz barchamiz O‘zbekiston uchun turnirlarda ishtirok etamiz. Shunday ekan eshigimiz barcha uchun ochiq. Qo‘ldan kelganicha murabbiy sifatida yordam beramiz.
- Farzandlaringiz ham sizning yo‘lingizdan bormoqdami?
- Ha, uch nafar farzandim ham yakkakurash turlari bilan jiddiy ravishda mashg‘ulotlar olib boradi. Nasib qilsa, ular ham men kabi 20 yillar yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, jahon chempionlari bo‘ladi, degan umiddaman!
- Suhbat uchun tashakkur va o‘z o‘rnida barcha niyatlaringiz amalga oshishiga tilakdoshmiz!
- Katta rahmat!
Fikrlar