
“Nasaf” - ochilish o‘yinlar mehmoni, o‘tgan gal "Navbahor"ni quvib o‘tgan "Neftchi" bu safar “Andijon”dan ortda qoldi, vodiyda raqobat yuqori
27 – 30 iyul kunlari Superligada 14-tur bahslari o‘tkazildi. Natijalar bilan saytimiz orqali xabar berib bordik.
Ushbu turda bir qator qiziqarli o‘yinlar, o‘ziga xos qarama-qarshiliklar kuzatildi.
Tur kutilmagan natija bilan boshlandi. Takribda katta o‘zgarishlarni amalga oshirib, yoshlarga e’tibor qaratgan “Turon” safarda “Buxoro”ni mag‘lub etdi. Shu tariqa, yaypanliklar o‘z tarixidagi ikkinchi, mavsumdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
“Olimpik” Toshkent derbisida “Paxtakor”ga imkoniyatni boy berdi. “Sherlar” chempionat doirasida birinchi marta Timur Kapadze shogidlarini mag‘lubiyatga uchratdi.
“Andijon” o‘z uyidagi ochilish bahsida “Nasaf” bilan durang o‘ynadi. “Neftchi” qiyinichilik bilan “Metallurg”ni engdi. “Surxon” mehmonda OKMKdan 3 ochko oldi. Ivan Boshkovich poytaxtda sobiq jamoasini “ojiz qoldirdi”. “Navbahor” ham Navoiyda qiyin g‘alabaga erishdi.
Endi esa turga oid qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etamiz. Ya’ni an’anamizga sodiq qolgan holda tur muxlislari statistikasi bilan tanishtiramiz.
14-turda stadionlarimizga jami 38850 tomoshabin tashrif buyurdi. Bu har bir bellashuvga o‘rtacha 5550ni tashkil qiladi.
Eng ko‘p muxlis Andijonda. “Andijon” - “Nasaf” o‘rtasidagi o‘yinni 13217 tomoshabin arenadan kuzatdi. Maydon maysasi va projektori yangilangan “Bobur arena”dagi ochilish o‘yinida yana “Nasaf” mehmon bo‘ldi. Qizig‘i, avval ham bu stadion ta’mirdan chiqarilgandan keyin “ajdarlar” ilk mehmon jamoa bo‘lgandi. “Nasaf” Superligadagi oxirgi o‘yinda “Neftchi” bilan Farg‘onada kuch sinashib, imkoniyatni boy bergandi. Endi esa “burgutlar”ga qarshi uchrashuvda ochkolarni bo‘lishib oldi. Ro‘ziqul Berdiev jamoasi bu mavsum hozircha vodiydan g‘alaba bilan qayta olmayapti.
O‘tgan gal “Neftchi” muxlislar statistikasida “Navbahor”ni ortda qoldirgandi. Bu safar farg‘onaliklarni andijonliklar quvib o‘tdi. Vodiyda raqobat ortmoqda.
“Neftchi” - “Metallurg” bellashuviga 8345 muxlis keldi. Eng kam tomoshabin poytaxtda. OKMK - “Surxon” to‘qnashuvini 1010 kishi stadiondan kuzatdi.
Quyida Superliganing ushbu turiga tashrif buyurgan muxlislar statistikasi bilan tanishing (muxlislar soni PFL saytidan olindi):
“Andijon” - “Nasaf” 0:0. 13217 tomoshabin
“Neftchi” - “Metallurg” 1:0. 8345 tomoshabin
“Buxoro” - “Turon” 2:3. 7996 tomoshabin
“Qizilqum” - “Navbahor” 1:2. 5591 tomoshabin
“Olimpik” - “Paxtakor” 0:2. 1493 tomoshabin
“Bunyodkor” - “So‘g‘diyona” 0:2. 1198 tomoshabin
OKMK - “Surxon” 2:3. 1010 tomoshabin
Fikrlar