
"Nasaf"ni o‘z transfer tarixi, bizning ham o‘ziga xos tariximiz bor" yoxud Levchenko Sayfiev va Hamrobekov masalasida nima dedi?
Ayni paytda Superliga ishtirokchilari transfer oynasi ochilganidan foydalanib o‘z tarkiblarini kuchaytirish ishlarini faol tarzda olib bormoqdalar.
Farg‘onaning “Neftchi” klubi ham yangi mavsum uchun jiddiy ravishda kuchayish harakatida va ikkita teng kuchli tarkibni hosil qilishmoqchi. Shu bois bosh murabbiy Vitaliy Levchenkoga bir qator savollar bilan murojaat qildik.
- “Neftchi” transfer oynasida faol. Tarkib necha foizga tayyor va yana nechta transfer qoldi?
- Transfer kampaniyasi rosayam qizg‘in pallaga kirgan va biz yana ikkita chiziqni kuchaytirish niyatidamiz.
- Siz O‘zbekistonning 2023 yildagi eng yaxshi murabbiyiga aylandingiz. Raqobatchilaringiz sovrinlar yutgan murabbiylar edi va ularning orasida siz eng yaxshisi bo‘lishingizni kutganmisiz?
- Bu men uchun mutlaqo kutilmagan ish bo‘ldi, ammo bunday nufuzli sovrinni qo‘lga kiritish yoqimli, albatta.
- “Paxtakor” tarafidan Farruh Sayfiev “Neftchi”ga ketishiga rozilik bildirdi, degan gaplar chiqdi. Siz bu xabarni tasdiqlay olasizmi?
- Bizda nomzod futbolchilar ro‘yxati unchalik ko‘p emas, ammo hali shartnoma imzolamagan o‘yinchilar haqida gapirish - yoqimli ish emas.
- Shuningdek, “Paxtakor”dan Odil Hamrobekovga “Nasaf”, “Navbahor” va “Neftchi” jiddiy qiziqayotganini eshityapmiz. Uni qo‘lga kiritish imkoniyatingiz qanchalik?
- Tajribali o‘yinchilarga ko‘plab klublar qiziqish bilan qarashadi, lekin bizni qaysi ijrochi qiziqtirib qolgani xususida fikr bildirishni istamagan bo‘lardim.
- Yana bir savol Botirali Ergashev bilan bog‘liq. Quvvatov, Kenjaev, To‘raev va Ergashev. Shuncha darvozabon nega kerak?
- Barcha chiziqlarimizda katta raqobat bo‘ladi va malakali darvozabonga ega bo‘lish - mening nazarimda, ajoyib ish bo‘ladi! Kim kuchli bo‘lsa, o‘sha o‘ynaydi.
- Turkiyadagi yig‘inda qaysi raqiblarga qarshi o‘yinlar o‘tkaziladi?
- Birinchi yig‘in uchun o‘yinchilarni ro‘yxatga olib bo‘lganmiz, faqat ayrim mayda-chuyda narsalar qoldi xolos. Bu haqda sizga kechrok xabar berarman.
- “Nasaf”ning transfer bozoridagi xaridlari sizni ham qiziqtiryaptimi?
- “Nasaf” jamoasida o‘z transfer tarixi, bizning ham o‘ziga xos tariximiz bor. Hammasini mavsum va maydondagi o‘yinlar belgilab beradi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar