Biroz eskirgan uslub, ammo ishonchli mudofaa! "Nassaji Mozandaron"ni tahlil qilamiz!
Osiyo chempionlar ligasining guruh bosqichi o‘zining avj pallasiga kirmoqda. 3-tur bahslari klublarimizning keyingi bosqichga chiqish imkoniyatlarini belgilab beradi. Xo‘sh, bu turda "Navbahor" raqibi bo‘ladigan "Nassaji Mozandaron"dan boshlaymiz. Quyida uning imkoniyatlari, taklif etishi mumkin bo‘lgan futbol va "lochinlar"ning imkoniyatlari borasida so‘z boradi.
O‘yin uslubi qanday?
O‘yin qurish borasidagi juda ko‘plab aspektlarda Eron klubi "Navbahor" bilan o‘xshash. Tezlik va keskinlikdan ko‘ra balansni xush ko‘radigan ehtiyotkor qarshi hujum jamoasi. Mehdi Rahmati shogirdlari klassik jismoniy futbol namoyish etadigan atletlardan tashkil topgan. Jamoa juda sodda va shu bilan birgalikda yaxshi effekt beruvchi uslubda harakat qiladi. 4-2-3-1 sxemasi asosiy bo‘lib, qanot himoyachilari odatdagidan ko‘ra ko‘proq oldinga o‘tishga intiladi. Vaziyatdan kelib chiqib, 2 tayanch yarim himoyachisi chuqur himoyalanishga qodir.
"Nassaji"ning himoya chizig‘i hujum chizig‘idan ko‘ra ancha kuchliroq. Aynan orqa chiziqdagi yigitlarning tartibli o‘yini evaziga "Mumbay Siti" bilan mehmondagi o‘yinda jamoa 3 ochko ishlab olgan edi. Markaziy himoyachilar tandemi baland bo‘yli (Jonmalaki/Rahmati) bo‘lib, ikkinchi qavatdan bo‘ladigan hujumlar chog‘ida deyarli bexato harakat qiladi. Maydon markazi yoki qanot yarim himoyachilari masalasida bunday deb bo‘lmaydi. Aynan shu zona "Nassaji"ning eng ojiz nuqtasi. Hujumda esa Muhammad Rizo Azodi harakat qiladi. 9 raqam egasi maydonda deyarli ikki futbolchini ishini bajarib berganiga bir necha bor guvoh bo‘ldik. U bo‘sh zonalarga ochilish bilan birgalikda to‘pni o‘zida ushlab, hujumga temp qo‘shishi ham mumkin. Klassik sof hujumchi. Tezligi chakki emas, ammo asosiy kozer qartasi maydonda yuqori intellekt bilan to‘p tepishi.
Mehdi Rahmati jamoasi hozir muammolarga o‘ralashib qolgan desak, adashmagan bo‘laman. Jamoa so‘nggi 3 o‘yinda (bitta OChL, 2 ta Eron ichki birinchiligida) imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Muxlislar murabbiyning iste’fosini talab qilishni boshlagan. Fors nashrlari ham Namangandagi bahs mutaxassisning kelajagini belgilab berishi borasida yozmoqda. Eron birinchiligida 6 o‘yinda 5 ochko jamg‘argan klub xalqaro maydonda ham mag‘lub bo‘lsa, Rahmatini hech narsa ushlab qolmasligi turgan gap.
"Navbahor"ga noqulaymi?
O‘yin rejasi va vaziyatga qarab harakatlanuvchi "Nassaji" ko‘p aspektlarda "Navbahor"ga o‘xshab ketadi, ammo ijrochilar mahorati borasida "lochinlar"da ustunlik mavjud. Forslar esa himoyadagi tartibli o‘yin va jismoniy tayyorgarlik bilan javob qaytarishga urinadi. "Nassaji" erta pressingga deyarli murojaat etmaydi. Jamoa raqibni asosan 2-zonada kutib olishga va kuchni o‘yinning so‘nggi qismida ishlatish evaziga tablodagi hisobga ta’sir ko‘rsatishga urinadi. Ochiq futbol o‘ynaydigan jamoalar bilan Samvel Babayan shogirdlari o‘zini "suvdagi baliq"dek his etishi hech kimga sir emas, ammo Mozandarondan kelgan raqib uning umuman aksi.
Katta ehtimol, kontaktlarga boy, biroz pastroq tempda o‘tadigan futbol bahsi bizni kutib turibdi. O‘yinni esa "lochinlar" g‘alaba bilan tugatishni istasa, himoyada bexato harakat qilish kamlik qiladi. Maydon markazidagi ustunlik bilan birgalikda, individual yorib kirishga qodir ijrochilarga ko‘proq imkoniyat taqdim etish lozim. Aynan kreativ futbolchilarning o‘yinni o‘ziga olishi yakunda g‘alabani taqdim etishi mumkin. "Lochinlar" "Nasajji Mozandaron"dan ko‘plab faktorlar evaziga kuchliroq va bu bahsni g‘alaba bilan tugatishi shart.
Asosiysi, o‘yin davomida qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymaslik. Barchasi vaziyatdan kelib chiqib, o‘zgarib ketishi mumkin. Muhimi - birinchi golni biz kiritishimiz. Bu omil, yakunda bahsni yirik hisobdagi ishonchli g‘alaba bilan yakunlash imkonini taqdim etadi. Turnir jadvalidagi holatimizdan kelib chiqsak, bu bahsdagi g‘alaba yakunda "Navbahor" uchun pley-off yo‘llanmasini taqdim etishi ham hech gap emas.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar