"Navbahor", "Sug‘diyona" va boshqalar. Kuchli oltilikdagi jamoalar transfer oynasida qaysi pozitsiyasini kuchaytirishi lozim?

  • 17 iyul, 2022, 14:00
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, o‘zbek klublari uchun yozgi transfer oynasi ochildi. Ayrim jamoalar allaqachon yangilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga ulgurdi. Yana kimlardir o‘zi uchun kerakli bo‘lgan zonalarni kuchaytirish uchun izlanishda davom etmoqda. SPORTS.uz joriy mavsumda chempionlik uchun talashayotgan 6 klubga alohida e’tibor qaratgan holda, qaysi pozitsiyalarni kuchaytirishi kerakligi borasida fikr yuritadi.

2-qism

"Sug‘diyona"

Markaziy hujumchi, chap qanot yarim himoyachisi

Sug‘diyona2

"Bo‘rilar"ning birorta pozitsiyasini alohida e’tirof etishning imkoni yo‘q. Ulug‘bek Baqoev ularni bir-biriga shu qadar jips qilib bog‘laganki, bugungi jamoa deyarli yaxlit mexanizmga aylanib bo‘ldi. Shu bois, biror pozitsiya haqida alohida fikr bildirish noo‘rin, biroq "Sug‘diyona" uchun ham ba’zi transferlar foydadan holi bo‘lmaydi. Misol uchun, Jasur Xasanov bilan tengma-teng o‘ynashga qodir chap qanot yarim himoyachisi yoki Shohruz Norxonov bilan asosiy tarkibdagi joy uchun talashishga qodir forvard. Xasanov bitta og‘ir o‘yin o‘tkazgach, keyingi bahsni zaxirada boshlayapti. Yillar baribir o‘z so‘zini aytmay qolmaydi. Norxonov esa hujumda deyarli raqobat sezmayapti.

Bahodir Nasimov va Marat Bikmaev so‘nggi 5-10 daqiqa futbolchisiga aylanib qolganiga ancha bo‘lgan. Shuning uchun ham bu yigitlarning maydonda bo‘lish yoki bo‘lmasligi Baqoev yaratgan "zich futbol"ning effektiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. So‘zimizga "Qizilqum" bilan o‘yin yaqqol misol bo‘lishi mumkin. Jizzaxliklar etakchilarsiz harakat qilish borasida kuchli oltilikdagi eng kuchsiz jamoaga aylanib bormoqda. Bunga esa "Nasaf"ni misol qilib ko‘rsatish mumkin. Berdievning zaxira o‘rindig‘idagi shogirdlari istalgan futbolchini bemalol almashtirishi mumkin. Bunda ular o‘yin tempini tushirib yubormaslikni uddalay oladi. Buni Bozorov, G‘aybullaev, Eshmurodov, Stanoevich, Ne’matov ishtirok etmagan bahslarni tomosha qilgan bo‘lsangiz, darrov sezgan bo‘lishingiz aniq. Afsuski, "Sug‘diyona"da bunday imkoniyat yo‘q. Agar Norxonov yoki Xasanov bellashuvda ishtirok etmasa, bu umuman boshqa jamoaga aylanib qoladi. Chempionlikka erishishni istagan jamoada doimo teng kuchli ikkita tarkib bo‘lishi shart. Hozir bu borada jizzaxliklar oqsayotgani yakunda pand berib qo‘yishi hech gap emas.

"Navbahor"

Markaziy hujumchi, chap qanot himoyachisi

Navbahor2_1

Assistentlar poygasiga e’tibor bersangiz, "Navbahor" futbolchilari Jamshid Boltaboev va Davron Hoshimov ro‘yxatni boshqarib borayotganini ko‘rish mumkin. Ammo to‘purarlar bahsida Zoran Marushich ko‘rinmayapti. Gruziya chempionatidagi fantastik mavsumdan so‘ng Zoran "lochinlar" safida "yondirib tashlashi" taxmin qilingan edi, biroq forvard kutilganidek faol bo‘lganicha yo‘q. Balki bunga asosiy tarkibdagi o‘rniga hech qanday raqobatsiz erishgani sabab bo‘lgandir. Umuman olganda, katta klublarda markaziy hujumchi o‘zini qo‘yib yubormasligi uchun ham teng kuchli raqobatchiga ega bo‘lishi odat tusiga kirgan. Afsuski, ayni damdagi turnir peshqadami "Navbahor"da barchasi aksincha. Sidorov Marushichdan 2 kalla pastroq darajada bo‘lgani bois, Zoran "konkurentsiya"ni umuman his qilmayapti. Shu omil sabab, u kutilgan darajada "och" bo‘lib to‘p tepmayotgandek. "Lochinlar" o‘z hujumchisini ishga solish va uni ko‘proq dam olishi uchun ham bitta sof hujumchi olib kelishi shart.
Shuningdek, chap qanot himoya chizig‘iga ham yangi qon quyish lozimdek tuyulmoqda. Gap shundaki, Boyan Tsiger va Stanislav Andreev borligiga qaramay, ikkisi ham intensivlikni narigi qanotdagi Davron Hoshimov singari ta’minlab bera olmayapti. Tsiger aslida markaziy himoyachi bo‘lsa, Andreev 90 daqiqa hujumni ta’minlashga jismonan tayyor emas. Shu bois, ba’zan chap qanot o‘yindan tushib qolganiga guvoh bo‘ldik. Samvel Babayan Davron Hoshimov singari "jangchi"ni chap qanotga olib kelsa, Boyan bemalol markazda o‘ynashi, Andreev zaxiradagi "joker qarta"ga aylanishi mumkin.

"Paxtakor"

Markaziy hujumchi, markaziy himoyachi

PAxtam

"Sherlar" hozir ancha murakkab ahvolda qoldi. Slavche Voyneski ketgach, jamoada ichki nizolar ko‘zga tashlana boshladi. Murabbiy postni topshirgach, saytimiz uchun bergan intervyusida ichki muhit juda yomon ekanligi haqida ochiq gapirdi. Hozir, boshqa muammolarni chetga surib, tarkibga nazar tashlaydigan bo‘lsak, muammolar ham yo‘q emasligini darrov payqash mumkin. Voyneski bilan birgalikda Kamen Xadjiev ham "Paxtakor"ni tark etdi. Bolgariyalik himoyachi kutilganidek mudofaada qal’a vazifasini o‘tab bera olmadi. OChL guruh bosqichidagi o‘yinlarda uning asl darajasi yaqqol ko‘zga tashlandi. "Sherlar" esa aynan Kamen Xadjievga ishonch bildirish maqsadida Anzur Ismoilov va Egor Krimetsga javob berib yubordi. Oqibatda, klub hozir asosiy markaziy yarim himoyachisiz qolib ketdi. Hozir Larin bilan birgalikda tandemda A’zamov yoki Azmiddinovdan biri to‘p tepishiga to‘g‘ri keladi. A’zamov jarohatdan so‘ng, formasini tiklab olmadi. Azmiddinovda katta o‘yinlarda ishtirok etish tajribasi yo‘q. Umuman olganda, mudofaa markazi zudlik bilan transfer amalga oshirishni talab qilmoqda. Shuningdek, markaziy hujumchi borasida ham "Paxtakor"ning ahvoliga havas qilib bo‘lmaydi. Mirjahon Mirahmatov top darajadagi forvard emas.

Shu bois, "sherlar" hujumi markazida Cheranni tez-tez uchratyapmiz. Dragan sof hujumchiga aylansa, markazda pleymeyker ampluasini egallaydigan boshqa futbolchi yo‘qligi pand berib qo‘ydi. Soddaroq qilib aytsak, "Paxtakor" o‘zining asosiy kuchini ishga solishi uchun hujumlarni yakunlovchi sof hujumchi xarid qilishi shart. Mirjahon Mirahmatovga hurmat saqlangan xolda, aytishimiz mumkin-ki, chempionlikka erishish uchun top darajadagi hujumchi tarkibda bo‘lishi shart.

"Nasaf", AGMK va "Qizilqum"ga atalgan birinchi qism

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!