"Navbahor" kecha yolg‘on xabar tarqatganmidi? Diyor Imomxo‘jaev klubga FIFAdan bir necha marta xat yuborilganini aytdi

  • 22 iyul, 2020, 19:18
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bir necha kun avval, "Navbahor"ning sobiq murabbiyi Aleksey Belenkov jamoadan haqqini talab qilib FIFAga ariza bergani borasida xabarlar tarqaldi. Ammo klub kecha bu ma’lumotlar asossiz ekanini va FIFAdan xat kelmaganini yozdi.

Tecno

Bugun esa, PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jaev telegramdagi o‘zining sahifasida FIFA "Navbahor"ga rostdan ham xat yuborganini, bir emas bir necha marota maktub kelganini xabar qildi.

- FIFA rossiyalik murabbiy Belenkov masalasi bo‘yicha ish boshlagani rost. Uning "Navbahor" bilan shartnomasi muddatidan avval bekor qilingani uchun kompensatsiya sifatida 484 100 dollar da’vosi kiritilgan.

Ish ochilayotgani yuzasidan "Navbahor" futbol klubi 21 aprel kuni (hamma karantinda bo‘lgan vaqtda) ogohlantirilgan. FIFA tomonidan yo‘llangan so‘nggi xat 20 iyul kuni qabul qilib olingan.

Davlat tomonidan moliyalashtiriladigan klub haqidagi bu kabi axborotni aslida yashirish shart emas. Ammo o‘z tashkilotidan maosh olayotgan ikki xodim xatlarni o‘zining bevosita rahbari ruxsatisiz mamlakat futbolida asosan fitna qo‘zitayotgan shaxslarga taqdim etayotgan bo‘lsa (katta ehtimol bilan, adashgan bo‘lishimiz mumkin), demak shu tashkilotda etika normalari lozim darajada ishlamayapti. Biz shu vaqtgacha legioner futbolchi va murabbiylar bilan qarzdorliklar masalasida ishlab kelyapmiz va ularni ochiqlayapmiz.

Bu kabi ishlardan ommaning xabardor bo‘lishi yaxshi. Ishimiz qanchalik shaffof bo‘lsa, biz shunchalik tiyilamiz, jamiyat bizni tiyib turishga harakat qiladi. Ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganida edi, "Navbahor" 70 000 dollar bilan shartnomani bekor qilishi mumkin edi. Ayni vaqtda talab qilinayotgan summa esa kichik emas. Afsuski, biz shartnomani qanday bekor qilish haqida ko‘proq bosh qotiramiz, aslida shu tafakkurni shartnoma tuzishdan oldin ishlatish ko‘proq foyda beradi. Ya’ni, biz qachondir bu kabi ishlarning oqibatlariga qarshi kurashishdan tiyilishni istasak, uning kelib chiqish sabablarini o‘rganishimiz va tartibga solishimiz kerak.

"Navbahor" futbol klubida vaziyat bo‘yicha tushuntirish berish uchun yana ikki kun vaqt bor. O‘zPFL mazkur masala yuzasidan "Navbahor" bilan hamkorlik qiladi va FIFA talab qilgan hujjatlarni yuborishga imkon qadar ko‘maklashadi. Umid qilamizki, "Navbahor" rahbariyati ham bundan xulosa chiqaradi.

Afsuski, bizning futbolda faoliyat olib borayotgan xorijliklarni so‘nggi 10 yilliklarda maydonda ko‘rsatgan xizmatlari bilan emas, FIFAga kiritayotgan da’volari bilan tanib olyapmiz. Avval ham aytganimdek, O‘zPFL professional klublar qoshida faoliyat olib borayotgan futbol maktablari (akademiyalar)ni ham litsenziyalashdan o‘tkazish tizimini ishlab chiqmoqda. Unga ko‘ra, lozim darajada poydevoriga ega bo‘lmagan futbol klublariga legioner futbolchilar bilan shartnoma imzolashga ruxsat berilmaydi. Sentyabrga qadar O‘zPFL mazkur masalani O‘FA Ijroqo‘miga kiritishni rejalashtirgan, - deya yozib qoldirdi Diyor imomxo‘jaev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!