"Navbahor" muxlislari nega norozi? Buni hal qilish klubning o‘z qo‘lida
18 apreldan O‘zbekiston Kubogi guruh bosqich 3-tur bahslari tsrat oladi. Kunning birinchi o‘yinlaridan biri "Navbahor" va "Neftchi" o‘rtasidagi vodiy derbisidir.
Namanganliklar matbuot xizmati ushbu bellashuvga chiptalar chiqarilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra uchrashuv chiptalarining narxi barcha sektorlar uchun bir xil - 30 000 so‘m etib belgilangan.
Xabardan so‘ng aksariyat muxlislar chiptalar narxi balandligidan nolimoqda. Bizga murojaat qilayotgan ishqibozlar klubning bu ishiga aralashish emas, balki stadionga keladigan tomoshabinlarni biroz o‘ylab nisbatan arzonroq qilish kerakligini so‘ramoqda. Chunki 30 ming so‘mni hammaning ham cho‘ntagi ko‘tara olmaydi. Bu esa stadionga tashrif buyuruvchilar soni kamayishiga olib keladi.
Ma’lumot o‘rnida, "Navbahor"ning kubok doirasidagi "Dinamo"ga qarshi o‘yiniga ham chiptalar 30 mingdan sotilgandi va o‘shanda stadionga 2231 tomoshabin kelgandi (to‘g‘ri, ramazon oyida bajariladigan amallar ham muhim rol o‘ynagan). Stadion ancha huvullab qoldi. Bu "Navbahor" uchun ancha past ko‘rsatkich hisoblanadi. Lekin buning echimi bor.

Masalan, chipta narxini arzonroq qilib, ko‘proq foyda olish mumkin. Bu orqali nafaqat stadionga muxlislar tashrifi oshadi, balki foydada ham o‘sish bo‘ladi. 2231 tomoshabin 30 000 so‘mdan bilet olgan. Klub 66 930 000 ishlagan. Agarda chiptalar narxini 20 000 qilib qo‘yilsa, stadionga kamida 5 000 muxlis keladi (undan ko‘p bo‘lish ehtimoli yo‘q emas). Bunda jamoa g‘aznasi 100 000 000 so‘mga boyiydi. Balki bu haqda o‘ylab ko‘rgan ma’quldir.
Albatta, chiptalar narxini belgilash klubning ishi. Jamoa biletlar sotuvidan foyda ko‘radi. Bunga aralashish niyatimiz yo‘q, aralashmaymiz ham. Faqatgina biroz engillik qilish kerak, nazarimizda. Sababini yuqorida ko‘rsatdik. Chipta narxini muxlislar talabidan biroz yuqori qilib, stadionga kelayotganlarning sonini kamayishi jamoaga foyda bermaydi. Boz ustiga "Navbahor"ga. Chunki "lochinlar"ning asosiy kuchi bu - muxlislar!

"Dinamo"ga qarshi bahsda muxlislar kam kelgani "Neftchi" bilan ham bo‘ladi degani emas. Farg‘onaning o‘zidan ko‘plab ishqibozlar tashrif buyuradi, bu bor gap. Sababi o‘yining ahamiyati yuqori. Lekin namanganliklar muddatidan avval guruh bosqich masalasini hal qilgan. Mazkur omilni unutmaslik darkor.
Maqsad chiptadan foyda olish bo‘lsa, har tomonlama o‘ylagan yaxshi. Chunki bu qaror ish bermagan bo‘lsa, albatta, uni o‘zgartirish mumkin. Bu hammaning o‘z qo‘lida. Xohish bo‘lsa kifoya. Boz ustiga ayni paytda klubga pul juda ham muhim. Rossiyalik murabbiylarga to‘langan pullar o‘rnini to‘ldirishning o‘zi bo‘lmaydi.
“Navbahor” – “Neftchi” o‘yini 18 aprel kuni soat 18:15da start oladi.



Fikrlar