"Navbahor" nimaning evaziga mag‘lub etildi? "Andijon" qahramoniga aylangan futbolchini qaysi klublarda kutishyapti yoxud Usmonali Ismonaliev qanday munosabat bildirdi?

  • 5 iyul, 2021, 01:14
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

“Andijon” klubi o‘z tarixida birinchi marotaba “Navbahor” maydonida g‘alaba qozondi. Bu o‘ziga yarasha muhim voqelik sifatida qabul qilindi.

Bilasiz, andijonliklar uchun mavsum omadsiz davom etayotgandi. 2-turdagi g‘alaba va 4-turda qayd etgan durang natijadan boshqa barcha o‘yinlarda raqiblariga yutqazib keldi. Shundan kelib chiqib aytganda, ko‘pchilik navbatdagi vodiy derbisida yana “Andijon”ning mag‘lubiyatini kutganlar bo‘ldi. Ammo bu safar bunday bo‘lmadi.

Nihoyat, “Burgutlar” Namangan maydonidan ham g‘alaba bilan qaytishlarini isbotladilar. Bu shunday g‘alaba bo‘ldiki, ayniqsa, uchrashuvning oxirgi soniyalarida urilgan gol tufayli ham uning qiymati ancha baland.

Chunki bosh hakam uchrashuvga to‘rt daqiqa qo‘shib bergan va u ham deyarli nihoyasiga etib qolgandi, shu bois Zokir Qodirov soatiga qarab turgan bir paytda “Andijon” himoyachisi Usmonali Ismonaliev uyga durang bilan emas, balki g‘alaba bilan qaytish uchun o‘ta muhim golni urib ketdi. Bu uning ushbu mavsumdagi ikkinchi goli bo‘ldi. Futbolchi Sports.uz uchun vodiy derbisidagi g‘alaba, urgan goli va yana boshqa mavzular haqida fikr bildirdi.

usmonali1

O‘yin haqida

- Bu g‘alaba bilan Andijon xalqini chin qalbimdan tabriklayman. Chunki “Navbahor” ustidan erishgan g‘alabamiz birgina jamoamizning emas, balki butun Andijon xalqiniki. Bizni chin dildan qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimizga ham minnatdorlik bildiraman. Bu g‘alaba bizga juda muhim edi. Namanganda kerakli g‘alabani qo‘lga kiritdik, desam adashmayman. Biz shunga yarasha yaxshi tayyorgarlik ham ko‘rdik. Derbilarda oson o‘yin bo‘lmaydi. Doim jiddiy to‘qnashuvlarga boy o‘yin bo‘ladi.

Yagona gol xususida

- Urgan golimga kelsak, bu bizga nihoyatda muhim edi. Rosti, bu gol men uchun syurpriz bo‘ldi, desam adashmagan bo‘laman. Chunki bu shunday o‘yin ediki, kim gol ursa o‘sha jamoa yutardi. O‘yin taqdirini birgina gol hal qilardi. Xudoga shukr, biz o‘sha golni urdik va g‘alabani qo‘lga kiritdik. Rahbariyatga ham katta rahmat. Bunday g‘alabalarimiz bardavom bo‘lsin. O‘yin 0:0 bo‘lib turgan mahalda “Navbahor” futbolchilari o‘z-o‘zidan hujumga katta e’tibor qaratishdi. Oxirgi daqiqalarda maydon egalari hujumda ko‘p qolib ketdilar. Biz esa mana shunday vaziyatda qarshi hujumlardan foydalanib qolishimiz kerak edi. O‘yinlar chog‘ida oxirgi daqiqalarda hujumga o‘tish mening odatim. O‘sha vaziyatda ham darhol qarshi hujumga o‘tdik va gol urish ko‘nglimga keldi. G‘alabani juda-juda xohlagandik. To‘pni egallashimiz bilan qarshi hujumga otlandik, o‘sha paytda raqib futbolchilarining aksari bizning jarima maydonimizda qolib ketgandilar. Himoyachi bo‘lishimdan avval markaziy himoyaning tayanch nuqtasida o‘ynaganman. O‘sha pozitsiyada o‘ynagan chog‘imda gollar urib turardim. Shuning uchun menda gol urish qobiliyati etarlicha bor.

usmonali

G‘alaba uchun beriladigan mukofot puli to‘g‘risida

- Rahbarlar bizga g‘alaba uchun yaxshigina miqdorda mukofot puli berilishini aytishgan. Lekin biz bunga qaramadik. Asosiy maqsadimiz raqibni mag‘lubiyatga uchratish edi va bizga g‘alaba kerak edi. Yutmasak bo‘lmasdi. Oilamiz, muxlislarimiz va Andijon xalqi oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishi uchun g‘alaba qozonishimiz talab etilgandi. Lekin “Navbahor”ga qarshi o‘yin qiyin bo‘lishini bilgandik. Yana qaytaraman, rahbariyatning g‘alaba uchun munosib ravishda rag‘batlantirishlariga e’tibor qilmasdan faqat o‘yinga va unda g‘alaba qozonishga jiddiy qaradik. O‘zingiz ham bilasiz, anchadan beri yutolmasdan kelayotgandik. G‘alabasiz seriyamiz cho‘zilib ketdi. Shu bois hech nimaga qaramasdan oldimizga qo‘ygan vazifani uddalash uchun borimizni berdik.

Jaloliddinovning ketishiga munosabat

- Jasur Jaloliddinovni jamoamizdan ketishini katta yo‘qotish deb hisoblash mumkin. Aslida uning shartnomasi to‘rt oyga edi. Klub bilan futbolchi o‘rtasida qanday kelishuv bo‘lganini yaxshi bilmaymiz. Hali Jasurni jamoamizdan ketishi 100 foizga aniq emas. Ammo ketgani haqida xabarlar bor.

usmonali3

Ismonalievni oldida turgan takliflar haqida

- Menga boshqa klublardan taklif bor, yo‘q emas. Lekin “Andijon” uchun o‘ynab, jamoani Superligada olib qolamiz. Klub bilan shartnomam bor va ikkinchi davrani ham “Andijon”da o‘tkazaman. Chempionat tugaganidan keyin rahbarlar bilan gaplashamiz. Men uchun boshqa variantlar haqida o‘ylashga erta. Birinchi navbatda klubni Superligada olib qolishimiz kerak. Ikkinchi davra oldinda. Hozircha qaysi jamoalar qiziqish bildirgani sir bo‘lib tursin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!