
"Navbahor" O‘zbekiston kubogi bahslarida "Nasaf"ga doim yutqazgan. Bugun "lochinlar" ushbu noxush an’anaga barham bera oladimi?
O‘zbekiston kubogining chorak finalidan o‘rin olgan bahsda "Navbahor" o‘z maydonida Qarshining “Nasaf” klubini qabul qiladi. Namanganliklar matbuot xizmati uchrashuv oldidan statistik ma’lumotlarni taqdim etdi.
Mazkur klublarning O‘zbekiston kubogidagi natijalariga nazar solsak, “Navbahor” billur sovrinni 3 marta – 1992, 1995 va 1998 yillarda qo‘lga kiritgan hamda 1993 yili final ishtirokchisiga aylanib, hal qiluvchi bahsda “Paxtakor”ga 0:3 hisobida imkoniyatni boy bergan.
“Nasaf” esa 1 marta – 2015 yili O‘zbekiston kubogi sohibiga aylangan va ushbu musobaqaning 5 karra (2003, 2011, 2012, 2013, 2016) finalchisi hisoblanadi.
E’tiborlisi, qarshiliklar O‘zbekiston kubogining hal qiluvchi bahsida ikki marta “Paxtakor” (2003, 2011 yillar), ikki marta “Bunyodkor” (2012-2013 yillar) va bir marta “Lokomotiv” (2016 yil)dan mag‘lubiyatga uchragan.
“Navbahor” hamda “Nasaf” jamoalari O‘zbekiston kubogi bahslarida o‘zaro 6 marta uchrashgan. O‘yinlarning barchasida qarshiliklar zafar quchgan.
Jumladan, O‘zbekiston kubogining 2000/2001 yillar mavsumi 1/8 finalida “Nasaf” yirik – 3:0 hisobida, 2002/2003 yillar mavsumining yarim final bahslarida “ajdarlar” – 2:1 hamda 3:1, 2014 yilgi mavsumning chorak final o‘yinlarida esa 1:0 va 3:1 hisoblarida g‘alaba qozongan.
2019 yilgi yilgi mavsumning chorak final bahsida ham “Nasaf” Namangandan 1:0 hisobida g‘alaba bilan qaytgandi.
“Navbahor” – “Nasaf” bahsi bugun Namangan shahridagi “Markaziy” o‘yingohda soat 16:00da start oladi.
Fikrlar