
"Neftchi" ustozi: "Bundan keyin ham kutilmagan natijalar bo‘lib turadi"
Oxirgi marta chempionat doirasida 31 avgust kuni o‘z o‘yinini o‘tkazgan “Neftchi” jamoasi salkam bir oylik tanaffusdan keyin nihoyat yana rasmiy o‘yinida maydonga tushadi.
19-tur bahslari 22-24 sentyabr kunlari o‘tkazildi. Ammo “Neftchi”ning “Turon”ga qarshi bellashuvi noyabr oyiga qoldirildi. Endi 27 sentyabr kuni farg‘onaliklar “Buxoro”ni qabul qiladi. Aytish joizki, o‘z navbatida “Buxoro” ham “Neftchi” singari o‘tgan turda dam oldi.
Buni qarangki, sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgan va bu yo‘lda “Neftchi”ning asosiy raqiblari hisoblangan klublar g‘alaba qozona olmadilar.
Fursatdan foydalanib, Sports.uz jurnalisti farg‘onaliklar bosh murabbiyi Vitaliy Levchenkoga ayrim savollar bilan murojaat qildi.
- Vitaliy Grigorevich, bu turda “Neftchi” majburan dam oldi. Bu rejalaringizga ta’sir o‘tkazdimi?
- O‘yinni ko‘chirish bizga bog‘liq emasdi, ammo vaziyat shuni taqozo etdi. Mening fikrim shunday: mashq qilgandan ko‘ra, o‘ynagan afzal. Chunki o‘z rejamizni shunga asosan tuzgandik.
- Andijondagi vodiy derbisini ko‘rdingizmi? Fikringiz qanday? Bunday natijani kutganmidingiz?
- Ha, o‘tgan tur doirasidagi uchrashuvlarni tomosha qildim. OChLda ishtirok etgan klublarimiz oldindan kutilganidek milliy birinchilikdagi o‘yinlarini og‘ir o‘tkazishdi.
- “Paxtakor” bu turda durang o‘ynadi. “Navbahor” bilan “Nasaf” esa yutqazdi. Ya’ni, “Neftchi”ning medallar uchun kurashdagi raqobatchilari ochko yo‘qotishdi. Bu jamoangizga qo‘l keladi, shunday emasmi?
- Taxmin va bashorat qilish bilan shug‘ullanishni yoqtirmayman. Bizning vazifa futbol o‘ynash va o‘zimizdan kutilgan natijani qo‘lga kiritishga harakat qilishdan iborat.
- Umuman aytganda, ushbu turda siz uchun kutilmagan natijalar qayd etildimi?
- Hozir chempionatimizdagi har bir o‘yin o‘ta muhim. Shu bois engil uchrashuvning o‘zi bo‘lmaydi. Har bir klubga hozir ochko juda ham muhim. Shunday ekan, bundan keyin ham kutilmagan natijalar bo‘lib turadi.
- “Neftchi” futbolchilari uchun chempionatdagi tanaffusning cho‘zilgani jamoa o‘yinini ritmdan chiqarib yuborishi mumkin. Bu sizni xavotirga solmayaptimi?
- O‘yin maromi juda ham muhim. Ammo kimga qarshi o‘ynash bizga bog‘liq emas. Biz taqvimga ko‘ra bahslarga hozirlik ko‘ramiz. Bu savolingizga esa o‘yin o‘tkazib bo‘lganimizdan keyin javob berishim mumkin bo‘ladi.
- Cheran, Xebay, Nimeli. Agar sizga tanlash imkoniyati berilganida ulardan qaysi birini “Neftchi”da ko‘rishni xohlardingiz?
- Siz sanab o‘tgan uch futbolchi orasida bizni qiziqtiradigani bor, albatta. Lekin hozir o‘sha o‘yinchining ism-sharifini aytib o‘tirishni istamayman. Agar shunday yo‘l tutsam, o‘z-o‘zidan ajiotaj ko‘tarib yuborishim tayin bo‘ladi. Buni esa xohlamayman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar