
"Neftchi"ga bir insonni gaplariga ishonib kelganim xato, "So‘g‘diyona"dagi faoliyatimdan ko‘nglim to‘lmadi" yoxud futbolchimizga xorij klublari ko‘z tikyapti
O‘tgan mavsumni “Neftchi”da boshlab “So‘g‘diyona” klubida tugatgan hujumkor yarim himoyachi Xusniddin G‘ofurov bu yil yana boshqa klubda to‘p suradi.
U “So‘g‘diyona” bilan xayrlashgan. Oldida boshqa takliflar bor. Qolganiga o‘zi bilan suhbatda guvoh bo‘lasiz.
- Xusniddin, “So‘g‘diyona”dagi faoliyatingiz o‘zingiz yoqmadimi? U erdan ketishingiz nima bilan bog‘liq?
- Xudoga shukr, yomon emas. Ketishim sababi esa mening u erdagi faoliyatimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shuning uchun ketishga qaror qildim.
- Negadir oxirgi paytlarda sizga nimadir etishmayotgandek. Chunki klublarni tez-tez almashtirish holati kuzatilyapti. Hammasini umumlashtirganda nima bo‘lyapti yoki klublarda professionallik binoyidek emasmi?
- O‘zimga ham bu holat yoqmaydi. Lekin “Neftchi”ga ishontirib olib kelib, keyin kerak emas bo‘lib qoldim. Shunga ketishga majbur bo‘ldim. Vaholanki, uzoq yillar to‘p surish niyatim bor edi.
- “So‘g‘diyona” OFK Kubogi yarim finalidagi mag‘lubiyatdan keyin ruhan singani rostmi? Bu masalada fikringiz qanday?
- Ha, albatta. O‘shanda hamma harakat qildi, ammo o‘xshamagandi. Omad kelmasa qiyin-da.
- Ulug‘bek Baqoevni ketishini kutganmidingiz yoki...
- Menimcha, futbolchilardan hech kim kutmagandi.
- “Neftchi” va “So‘g‘diyona”dagi faoliyatingiz davomida bir-biriga o‘xshashlikni kuzatdingiz-a?
- Ha, shunaqa desa ham bo‘ladi.
- Faoliyatingizda eng katta xatoga qaerda yo‘l qo‘ydim, deb o‘ylaysiz?
- “Neftchi”ga bir insonni va’dalari va gapirgan gaplariga ishonib kelganim xato, menimcha. Lekin ikkinchi tomoni va yaxshi tarafi shu ediki, otamni oldida ko‘proq bo‘ldim.
- Keyingi rejangiz qanday? Qaysi klublardan takliflar bor va aniq kelishuvga erishdingizmi?
- Hozircha qaerga borishim aniq emas. Oldimda 1-2 ta takliflar bor. Xudo xohlasa, tez kunlarda aniq bo‘lib qolar.
- Aytaylik, legionerga aylanish ehtimolingiz qanchalik? Yoki endi chetga ketmoqchi emasmisiz?
- Menga Malayziya hamda Tailanddan takliflar bor. Nasib bo‘lsa, legioner sifatida xorijda o‘ynarman, bo‘lmasa, shu erda qolaman.
- Darvoqe, o‘tgan yilgi O‘zbekiston chempionatidagi saviya haqida nima deya olasiz?
- 2022 yilgi chempionat ancha qiziq bo‘ldi. Shunaqa qizqarli chempionat bo‘laversa, albatta o‘sish ham bo‘laveradi.
- Chempionatimizda o‘z so‘zimni ayta oldim, deb hisoblaysizmi?
- Hali bu darajaga etib bormadim.
- Buning uchun vaqtim etarli, deb hisoblaysizmi?
- Xudo beraman desa hech narsa emas, albatta.
- Qaysi klubda o‘zingizni juda qulay his qilasiz?
- To‘g‘risi, “Lokomotiv” va AGMK klublarida mazza qilganman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar