
Nega Namanganda g‘alaba qozonish oson emas? Mirjalol Qosimovdan javob
AGMK Superliga 25-turini safarda "Navbahor"ga qarshi o‘tkazdi. Bellashuvda 0:0 hisobidagi durang qayd etidi. Olmaliqliklar matbuot xizmati Mirjalol Qosimovning o‘yindan keyingi fikrlarini taqdim etdi.
— Har doim ta’kidlab kelganman, Namanganda "Navbahor"ga qarshi uchrashuvlar doim shiddatli va qiziqarli kechadi. Namanganda g‘alaba qozonish oson emas. Chunki bu jamoani haqiqiy va ashaddiy muxlislari maydondagi 12-o‘yinchiga aylanadi. Bunday ajoyib muhit nafaqat mezbonlarga, balki raqib sifatida bizga ham qiziq hamda yoqimli. O‘ylaymanki, stadionga kelgan ishqibozlar shiddatli va yuqori tempdagi futbolni tomosha qilishdi. O‘yindagi durang natijasi ham adolatli bo‘ldi.
Fursatdan foydalanib, olmaliqlik futbol muxlislarini AGMK jamoasining sovrindor bo‘lgani bilan tabriklayman. Shuningdek, futbolchilarga va shtabdagi murabbiy hamda barcha personalga minnatdorlik bildiraman. Qolaversa, kombinatda ishlaydigan barchani ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklayman. Qorovuldan tortib rahbariyatgacha o‘z minnatdorligimni bildiraman. O‘tgan yili natija yaxshi bo‘lmaganiga qaramasdan, rahbariyat ishonch bildirgani uchun tashakkur aytaman. O‘ylaymanki, bu avvalambor ularning yutug‘i. Shu boisdan o‘zim va futbolchilar nomidan rahbariyatga katta rahmat aytaman.
O‘zbekiston kubogi finali Namanganda o‘tadi. Shu boisdan ham mazkur musobaqa doirasida yana Namanganga kelish niyatimiz bor, - dedi Mirjalol Qosimov.
Fikrlar