
Nokautga uchragan "Lokomotiv" yoxud temiryo‘lchilar qaysi manzilga qarab ketishyapti?
Coca-Cola Superliganing 4-tur uchrashuvlari uch kun davomida o‘tkazildi va barcha o‘yinlar televizor orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi. Shu bois garchi stadionlarga muxlislar kiritilmagan bo‘lsa-da, tv orqali bellashuvlarni kuzatish imkoniyati yaratib berildi.
Biz 4-turning barcha to‘qnashuvlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tmoqchi emasmiz. Umuman, ortda qolgan turda turfa o‘yinlar va shunga monand kutilmagan natijalar ham kuzatildi. Ayniqsa, Toshkentda “Lokomotiv” hamda “Metallurg” jamoalari o‘rtasida kechgan o‘yinning natijasini balki sensatsiya sifatida qabul qilsak to‘g‘riroq bo‘lar. Ajablanarlisi, “Loko” o‘z maydonida bekobodliklarga ortiqcha qarshilik ko‘rsata olishmadi va raqib a’zolari javobsiz uchta gol urib, ajoyib g‘alabani tantana qilib ketishdi. Aynan shu o‘yin bizning e’tiborimizni ko‘proq o‘ziga tortdi. Bu albatta, avvalo qayd etilgan natija va o‘yin bilan bog‘liq.
Temiryo‘lchilarning o‘z uyida “Metallurg”ga 0:3 hisobida yutqazganidan so‘ng darhol statistik raqamlarga ko‘z tashladik. Ya’ni, “Lokomotiv” chempionatimiz bahslarida oxirgi bor qachon o‘z uyida yirik hisobda yutqazgan? “Metallurg” bilan o‘zaro uchrashuvlarda-ku, bunday natija umuman qayd etilmagandi va asosan “Loko” ushbu raqibini kerak bo‘lsa yirik hisoblarda dog‘da qoldirib ketgan paytlari ham bo‘lgan. Ammo bu safar vaziyat o‘zgardi hamda ushbu klublarning o‘zaro to‘qnashuvida “Metallurg” ilk bor kuchli raqibini, boz ustiga uning maydonida yirik hisobda taslim eta oldi. Bu esa Bekobod jamoasining tarixidagi eng yorqin g‘alabalardan biri bo‘lgani ham shubhasiz.
Yana voqelikka qaytib, “Lokomotiv”ning oldingi yillardagi mag‘lubiyatlariga nazar tashlar ekanmiz, 2010 yilgi mavsumda va o‘shanda ham 4-turda “Lokomotiv” o‘z maydonida yirik hisobda yutqazgan ekan. Raqib esa “Bunyodkor” bo‘lgan va ular javobsiz to‘rtta gol urishgan. Mana, oradan 10 yil o‘tgach, “Loko” o‘z maydonida nokautga uchradi.
“Lokomotiv”ning o‘yinini kuzatar ekanmiz, jamoaga nimadir bo‘lgandek. Qolaversa, oxirgi paytlarda tarkibdagi jiddiy yo‘qotishlar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmayapti. Avvaliga Jamshid Iskanderov, so‘ng Sardor Mirzaev, kuni kecha esa Oleg Zoteevning xorijga ketgani chindan ham “Loko”ning o‘yiniga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda. Ushbu futbolchilar klubning etakchilari edi. Ammo ketganlarning o‘rnini to‘ldirish klub uchun qiyin kechdi va bunga vaqt ham qolmagandi. Etakchilarning mana shunday tarzda birin-ketin ketishi albatta boshqa jamoadoshlariga ta’sir ko‘rsatgani ko‘rinib turibdi.
Tabiiyki, bunday pallada bosh murabbiy Andrey Fyodorovning ham rejalari butkul o‘zgarib ketdi. Lekin, avvalo klub rahbariyatining olib borayotgan ishiga ham to‘xtalib o‘tish darkor. Chunki mavsum boshida Samvel Babayandan so‘ng bo‘shab qolgan bosh murabbiy lavozimiga biror-bir yangiroq, tajribaliroq mutaxassis olib kelinishi kutilgandi. Ammo o‘tgan yilgi chempionatda salbiy natijalar tufayli ishdan bo‘shatilgan Andrey Fyodorov yana ortga qaytarildi. Klubga yangi qon quyish kerak bo‘lgan bir paytda rahbariyat yana eski murabbiyga yuzlandi. Xo‘sh, oqibatda nima bo‘ldi? Klubning dastlabki vazifasi Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichidan o‘tib, guruh yo‘llanmasini qo‘lga kiritish edi. Ammo “Lokomotiv” o‘z maydonida pley-offning birinchi bosqichidayoq Tojikistonning “Istiqlol” klubiga yutqazib, barchamizning xafsalamizni pir qildi. Agar raqib kuchliroq bo‘lganida ham boshqa gap edi, ammo “Lokomotiv”dan ustun bo‘lmagan “Istiqlol”ga yutqazib pley-offdan chiqib ketganini xazm qilish og‘ir bo‘ldi.
Aslida o‘shandayoq klub qaysi yo‘ldan ketayotgani borasida savollar ko‘paygandi. Kechagi “Metallurg”ga qarshi o‘yin va natijadan so‘ng Fyodorovning jamoani qay darajada kuchaytira olishiga va maqsadi sari etaklab borishiga shubhalar yanada kuchaydi. Nahotki, chempionatimizda sovrinli o‘rinlar uchun raqobatlashishga o‘rganib qolgan jamoa asta-sekin pastga qarab sho‘ng‘iyotgan bo‘lsa?!
To‘g‘ri, chempionatning endi to‘rtta turi o‘tdi va oldinda hali o‘yinlar ko‘p, deyishingiz mumkin. Qolaversa, pandemiyadan keyingi ilk o‘yin va hokazo sabablarni keltirish mumkin. Lekin “Metallurg”chi? Axir bu klub ham uch oydan beri futbol o‘ynagani yo‘q-ku! “Metallurg”ga qarshi kechgan bahsdagidek o‘yin bo‘lsa, u holda temiryo‘lchilardan nimani kutish mumkin? Aslida rahbariyat bosh murabbiylikka yana Andrey Fyodorovni qaytarib to‘g‘ri yo‘l tutishganmidi, degan savol asosiy o‘ringa chiqib bormoqda...
Fikrlar