Nuri Shaxin: "Biz Shomurodov kabi tajribali futbolchini yoki Fayzullaevdek istiqbolli o‘yinchilarni jamoaga jalb etamiz"
"Istanbul Bashakshehir" murabbiyi Nuri Shaxin "Gaziantep"ga qarshi to‘qnashuvdan keyin matbuot anjumanida ishtirok etib, jamoaning transferlar oynasidagi siyosatiga to‘xtaldi va ikki hamyurtimizni eslab o‘tdi.
"Jamoani kuchaytirish borasida ochig‘ini aytganda, moddiy tomondan biroz qiynalyapmiz, bu oson emas. Hozirgi tarkibimiz juda qimmatli jamoa. Sifatni oshirish uchun yo tayyor futbolchi olinadi. Masalan, Shomurodov kabi yoki istiqbolli yosh futbolchilarga sarmoya qilinadi, Fayzullaev singari. "Bashakshehir" har doim shu ikki yo‘nalishga ochiq bo‘lishi kerak. Qaysi pozitsiyalarni kuchaytirish zarurligini yaxshi bilamiz. Skautlar jamoasi va sport direktori bilan juda yaqin ishlayapmiz. Rahbariyat bilan kelishgan holda kam, lekin aniq transferlar qilamiz. Yo sifatni oshiramiz, yo kelajak uchun sarmoya qilamiz, bunda hech qanday muammo yo‘q", - deya fikr bildirdi jamoa bosh murabbiyi.
Ma’lumot o‘rnida, Bashakshehir so‘nggi uchrashuvda raqibini 5:1 hisobida taslim etdi. Shomurodov o‘z hisobiga gol+assist yozdirib qo‘ygan bo‘lsa, Fayzullaev bitta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.



Fikrlar