Oʻzbekiston – Kongo Demokratik Respublikasi: Hal qiluvchi oʻyinga bashorat

  • 26.06.2026 08:26
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

28 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 04:30 da Atlanta shahrida jahon chempionati guruh bosqichi uchinchi turidan o‘rin olgan uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Kongo Demokratik Respublikasi futbolchilariga qarshi maydonga tushadi. Bu bellashuvda guruh jadvalidagi uchinchi o‘rin uchun asosiy da’vogarlar o‘zaro to‘qnash keladi.

Kongo terma jamoasi birinchi turda kutilmaganda yulduzlarga boy Portugaliyadan ochko olib, sensatsiya qayd etgan edi. Keyingi o‘yinda esa kongoliklar Kolumbiyaga qarshi munosib qarshilik ko‘rsatishdi, ammo uchrashuv oxirida gol o‘tkazib yuborishdi. Hozircha bir ochko jamg‘argan afrikaliklar guruhda uchinchi pog‘onada bormoqda. 

Tarixda ilk bor pley-off bosqichiga chiqish uchun ular albatta O‘zbekistonni mag‘lub etish kerak. Agar bunday bo‘lmasa, Sebastyan Desabr boshqarayotgan jamoa 1/16 finalni chetdan kuzatishga majbur bo‘ladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasiga guruhda omad kulib boqmadi, deb aytish mumkin — Portugaliya va Kolumbiya kabi kuchli raqiblar fonida ish ancha qiyin kechdi. Biroq shuni ham tan olish lozimki, favoritlarga qarshi o‘yinlarda Fabio Kannavaro shogirdlari o‘z salohiyatini to‘liq namoyish eta olmadi. Kolumbiyaga qarshi uchrashuvda ikkinchi bo‘limda ijobiy pallalar kuzatilgan bo‘lsa, Portugaliyaga qarshi bellashuvda muammolar deyarli birinchi daqiqalardanoq boshlandi. Ehtimol, italyanlik mutaxassis birinchi turdan so‘ng qilganidek, yana tarkibda jiddiy rotatsiyaga qo‘l urar.

Statistik ma’lumotlar

– jamoalar ilgari biror marta o‘zaro to‘qnash kelmagan;

– Kongo terma jamoasi birinchi turda Portugaliya bilan durang o‘ynadi (1:1), ikkinchi turda esa Kolumbiyaga mag‘lub bo‘ldi (0:1);

– O‘zbekiston jamoasi ushbu musobaqada Kolumbiyaga (1:3) va Portugaliyaga (0:5) yutqazdi;

– Kongo futbolchilari so‘nggi to‘rt uchrashuvda ikki marta durang o‘ynab, ikki marta mag‘lub bo‘lgan;

– Kongo terma jamoasining so‘nggi yetti o‘yinidan oltitasida kam golli natija qayd etilgan;

– O‘zbekistonlik ketma-ket to‘rt o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi;

– O‘zbekiston terma jamoasi so‘nggi to‘rt uchrashuvning har birida kamida ikkitadan gol o‘tkazib yuborgan;

– FIFA reytingida  Kongo Demokratik Respublikasi (46-o‘rin) O‘zbekistondan (50-o‘rin) yuqoriroq pog‘onada joylashgan.

Ekspertlar taxmini

Amalda Kongo terma jamoasi favorit sifatida ko‘rilayapti. Biroq shuni ham unutmaslik kerakki, ushbu Afrika jamoasi to‘p nazoratini qo‘lga olib, tashabbus bilan o‘ynashi kerak bo‘lgan o‘yinlarda ko‘pincha qiynaladi. Shu bois bu uchrashuvda tomoshabinlar ko‘p golli o‘yinni emas, ehtiyotkor kurashni ko‘rish ehtimoli yuqori.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!