O‘zbekistonlik tennischi jahonning eng kuchli raketka ustasi bilan to‘qnash keladi
O‘zbekiston Tennis federatsiyasi matbuot xizmati mamlakat nomidan ishtirok etayotgan Kamilla Rahimova (WTA reytingida 92-o‘rin) va jahon reytingi yetakchisi Arina Sobolenko o‘rtasidagi US Open-2026 turniri uchinchi bosqich bahsi arafasida rasmiy bayonot e’lon qildi.
«Kamilla Rahimovadan O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga tarixiy tuhfa!
Yurtimiz birinchi raketkasi US Open turnirining uchinchi bosqichiga yo‘l oldi va so‘nggi 15 yil ichida bu bosqichgacha yetib kelgan ilk o‘zbekistonlik tennischiga aylandi.
Kamilla shu tariqa O‘zbekiston tennis tarixida US Open yakka razryad bellashuvlarida uchinchi bosqichga chiqqan ikkinchi sportchi bo‘ldi. Bundan avval, 2011 yilda bu natijaga Akgul Amanmuradova erishgan edi.
Endilikda Rahimovani jahonning birinchi raketkasi, US Open amaldagi ikki karra chempioni Arina Sobolenkoga qarshi juda muhim o‘yin kutmoqda.
Kamilla Rahimova va Arina Sobolenko o‘rtasidagi uchrashuv 4 sentabr kuni o‘tkaziladi. Bellashuv boshlanish vaqti qo‘shimcha ravishda ma’lum qilinadi.
Bu natija barcha muxlislar uchun haqiqiy tarixiy sovg‘a bo‘ldi», — deya ta’kidlanadi Federatsiyaning Instagram sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, US Open-2026 turnirining ikkinchi bosqichida Rahimova ispaniyalik Oksana Selehmetevani (WTA reytingida 93-o‘rin) 6:3, 6:0 hisobida mag‘lub etdi. Arina Sobolenko esa rossiyalik Polina Yatsenkoni (WTA reytingida 160-o‘rin) 6:1, 6:1 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchratdi.

Fikrlar