
OFK kubogi finaliga bir qadam qolganda “So‘g‘diyona” qay tarzda mag‘lubiyatga uchradi?
Bugun OFK Kubogi hududlararo final bosqichi doirasidagi "So‘g‘diyona" - "Kuala-Lumpur Siti" uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Superliga chempionligi uchun kurashda biroz chekingan Ulug‘bek Baqoev e’tiborni xalqaro musobaqaga qaratganini uchrashuvga jangovor tarkibni tashlaganidan bilsa ham bo‘ladi. Bu o‘yin boshlanishidan jizzaxliklarga qo‘l keldi.
Xalqaro maydonda etarlicha tajriba to‘plagan Jasur Hasanov dastlabki hujumda o‘ng qanotdan oshirilgan to‘pni to‘xtatmasdan darvozaga yo‘llagan bir paytda, himoyachi hamyurtimizning urinishini yo‘qqa chiqardi. Undan so‘ng Shohruz Norxonov jarima maydoni yaqinidan zarba berdi. Ammo noaniq.
19-daqiqada Jasur Hasanov chan tomondan uzatgan to‘pni Sardor Qulmatov erlatib darvozaga yo‘lladi. Raqib posboni ikkinchi urinishda ushlab oldi.
Taym o‘rtalarida jizzaxliklar to‘p nazoratini to‘laligicha qo‘lga oldi. Biroq mezbonlar golga tortadigan xavfli vaziyat sodir etmadi. O‘z navbatida, mehmonlar onda-sonda oldinga o‘tib turdi.
34-daqiqada Hasanov qarshi hujumda to‘pni jarima maydoniga qulay tarzda oshirdi. Lekin Shohruz Norxonov to‘pni o‘ziga bo‘ysindira olmadi.
40-daqiqada Paulo Joshua o‘ng qanotdan oshirilgan to‘pga etolmadi. Yaxshiyamki Paulo biroz eta olmadi. Aks holda mezbonlar o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi.
Taym oxirlariga yaqin tashabbus Malayziya klubi tomoniga o‘tdi. Ular markazdan raqib jarima maydoni tomon yurishlarni amalga oshirdi. Ammo tanaffusgacha gol urish hech bir jamoaga nasib etmadi.
Ikkinchi bo‘limda jamoalar navbati bilan hujumlar tashkil etdi. Biznikilar ikkinchi qavatdan to‘p oshirishga e’tibor qaratishdi. Biroq raqib himoyachilari baland bo‘yli ekanligi bois havodagi kurashda ustunlik qildi.
Ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Shavkat Salomov ko‘p boshi bilan juda xavfli zarba berdi. Darvozabon seyv namoyish etdi.
Hasanov autdan otgan to‘pni Chermel boshi bilan darvozaga to‘g‘rilab qo‘ydi. Biroq so‘nggi pallada himoyachi boshi bilan to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.
80-daqiqada "Kuala-Lumpur Siti"ning ikki futbolchisi qarshi hujumga chiqib ketdi. Jarima maydoniga kirib, pas amalga oshirilganda jizzaxliklar qiyinchilik bilan raqib hujumini bartaraf etdi.
86-daqiqada hujumdagi Shohruz Norxonovga yuqoridan to‘p oshirildi. Norxonov ikki himoyachi orasida bo‘lishiga qaramay to‘pni o‘ziga bo‘ysundirdi va zarba berdi. Ammo to‘p ancha yuqoridan ketdi. Qulay imkoniyat shu tarzda yo‘qqa chiqarildi. Undan keyin Hasanov jarima maydoniga kirib zarba bermoqchi bo‘lganda, to‘pni uzoqlashtirib yubordi.
90+4-daqiqada jizzaxliklar g‘alaba golini urishi mumkin edi. Jo‘rabekovning yaqin masofadan bergan zarbasini darvozabon qaytardi. O‘ta qulay imkoniyat qo‘ldan chiqdi. Hamyurtimiz himoyachining xatosidan foydalana olmadi. Natijada hakam qo‘shimcha taymlarga murojaat qildi.
Javohir Qahramonov ekstra taymning birinchisida ancha kuchli zarba yo‘llab, stadionga yig‘ilgan muxlislarni larzaga keltirdi. Biroq uning urinishi noaniq chiqdi. Mezbonlarning harakatlari o‘xshayvermagach uzoq masafadan zarbalarga urg‘u berildi. Shulardan bittasida Luka Chermel o‘z omadini sinab ko‘rdi. Zarba ancha kuchli chiqdi, ammo noaniq.
107-daqiqada Qahramonov uzoq masofadan ancha kuchli zarba berdi. Darvozabondan yana bir qimmatli seyv.
Ikki jamoa murabbiylari tarkibda o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Biroq almashtirishlar hisobga ta’sir o‘tkaza olmadi. Natijada penaltilar seriyasiga o‘tildi. Undan avval Baqoev Superliga oxirgi turida penaltidan gol ura olmagan Shohruz Norxonovni zaxiraga oldi. Shuningdek, asosiy posbon Milan Mitrovich o‘rniga zaxira posboni Shirinboy Abdullaev penaltilar seriyasiga tashlandi. Biroq bu o‘zgarishlar jamoaga yordam bermadi.
Lotereyada omad "Kuala-Lumpur Siti"ga kulib boqdi. “So‘g‘diyona” 5:3 hisobida imkoniyatni boy berib, OFK kubogi finaliga chiqa olmadi.
O‘yin mana shu stsenariy ostida kechdi. Jizzaxliklar yaratilgan imkoniyatdan foydalana olmadi. Uchrashuvda rangbaranglik ko‘rinmadi. Shu sabab “V” yoki “S” rejalar ko‘rinmadi. Natijada jamoa shu bosqichda to‘xtadi.
Fikrlar