
Olimpiada chempioni Ulug‘bek Rashitov faoliyatidagi eng qiyin jang va Olimpiada haqida 1 oy oldin nimalar degandi?
Bugun Tokio Olimpiadasi chempioni, O‘zbekiston tarixiga taekvondo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarining birinchi medalini taqdim etgan Ulug‘bek Rashitov 9 iyun kuni SPORTS.uz saytiga bergan intervyusida quyidagi fikrlarni bildirib o‘tgan edi:
-“Turkish open” turniri finalida jang yakuniga 16 soniya qolganida ajoyib kambek uyushtirgan edingiz. O‘sha kundagi emotsiyalar haqida gapirib o‘tsangiz
"3-raund oldidan 17:8 hisobida mag‘lubiyatga uchrayotgan edim. Turkiyalik raqibim bo‘yi pastligi tufayli menga jiddiy muammo tug‘dirgandi. Butun jang davomida qiynaldim. Turkiyada turkiyalik sportchiga qarshi kurashyapman, qolganini o‘zingiz tasavvur qilavering. Murabbiylarim oxirigacha jang qilishim kerakligini aytdi va shunday qildim. Ozgina aqlimni ishlatib, xarakter ko‘rsatish evaziga g‘alaba qozondim.
Jang tugashiga 3 soniya qolganida raqibim klinchga kirib bir-necha zarbalar berdi va yana hisobda oldinga chiqib oldi. Men xayolimda: “Vay, hozir hakam yana unga ochko berib yuboradi”,-deb o‘ylagandim. Biroq unday bo‘lmadi va men g‘alaba qozondim".
-O‘sha jarayonda referilar ochkoni ancha payt muhokama qildi. Bu vaqt oralig‘ida hayolingizdan nimalar o‘tdi?
"Hakam raqibimdan ochko olib tashlashini kutmagan edim. Shuning uchun qolgan bir necha soniya ichida qaysi usulda zarba berishni rejalashtirdim. Lekin referi unga jarima qo‘lladi va o‘z-o‘zidan men hisobda oldinga chiqib oldim".
-Faoliyatingizdagi eng qiyini sifatida qaysi jangni e’tirof etgan bo‘lardingiz?
“Menimcha, 2019 yilgi Rim shahrida bo‘lib o‘tgan Gran-pridagi jangim bo‘lgandi. Bu kattalar o‘rtasidagi musobaqalardagi ilk ishtirokim edi. Turnirdan bir oy oldin qo‘limni sindirib olgandim. Na mashg‘ulotlarda qatnashdim, na yugurdim, na sparring tushdim, keyin gipsni echdim va menga Gran-priga borishimni aytishdi. Dayanga chiqqach, bir daqiqadan keyin umuman kuchim qolmadi, hech qachon bu darajada charchamagandim. O‘shanda shug‘ullanmasdan yutish mumkin emasligini anglab etganman.
-Hayotdagi eng katta maqsadingiz nima?
Xudo xohlasa, Olimpiada chempioni bo‘lish. Hozir hayolimda faqat Olimpiya o‘yinlari bo‘lib turibdi.
Quyida to‘liq intervyuni tomosha qilish imkoniyatiga egasiz:
Fikrlar