O‘runov qani?
“Spartak”ning sobiq o‘yinchisi va murabbiyi Andrey Tixonov klubning sobiq direktori Shamil Gazizovning lavozimidan ketganiga munosabat bildirib, legionerimiz Oston O‘runovni ham esga oldi.
- Agar biror kishini “Spartak”da olib qolishmasa, bunga o‘ziga yarasha sabablar bo‘ladi. Seni milliy qahramon sifatida bilgan “Ufa”da ishlash boshqa. “Spartak”da o‘rtacha ishlab, yuqorida yurib bo‘lmaydi. Hamma Gazizovdan zo‘r transferlarni kutgandi. O‘xshamadi. Biror kimni ishdan olishdimi, demak u vazifasini bajara olmagan. Aleksandr Kokorin hozir qaerda? Oston O‘runov qani? Faqatgina Viktor Mozes o‘ynayapti. U ham “Chelsi”dan kelgani uchun, - dedi Andrey Tixonov.
Shamil Gazizov avvaliga Oston O‘runovni Toshkentning “Lokomotiv” klubidan “Ufa”ga olib o‘tdi. O‘tgan yili yozda “Spartak” bosh direktori etib tayinlangan mutaxassis o‘zbek legionerini boshqa klublarga bermasdan o‘zi bilan “Spartak”ga olib keldi. Gazizov qariyb yarim yildan so‘ng lavozimidan ozod etildi.
Oston O‘runov “Spartak”da o‘zini ko‘rsata olmadi. Natijada qishki transferlar davrida ijara asosida “Ufa”ga o‘tdi. Ufaliklar yozda hamyurtimizning transfer huquqini 3 million evroga sotib olish imkoniga ega.



Fikrlar