
O‘runov “Ufa”ni qutqaradimi?
Tajribali mutaxassis Rashid Rahimov joriy mavsumda autsayderga aylanib qolgan “Ufa”ni premer-ligadagi joyini saqlab qolishga ko‘maklashishi kerak. Jamoani oxirgi o‘rinda turganida qabul qilib olgan murabbiy uni hali xavfli hududdan olib chiqib ketolgani yo‘q.
Ufaliklarning umidi mavsumning ikkinchi yarmidan. Rashid Rahimov jamoani qutqarish uchun yangi o‘yinchilar, xususan, “Spartak”da ishlari yurishmayotgan o‘zbekistonlik legioner Oston O‘runov kerakligini ta’kidlamoqda.
Rashid Rahimov buni jurnalistlarga bergan intervyusida aytdi. Ushbu intervyuni e’tiboringizga havola qilamiz.
- Yangi futbolchilarni kutyapsizmi?
- Ha, ular kerak bo‘ladi.
- Necha nafar o‘yinchi keladi?
- Bir nechta pozitsiyani kuchaytirishimiz shart. Kamida, to‘rt-besh nafar yangi futbolchi kelishi kerak. Shuningdek, klubni 5-6 ta o‘yinchi tark etdi. Yana ketadiganlar bor.
- Jamoa bilan shartnomangiz mavsum oxirigachami?
- Ha. Klub bilan shunday kelishganmiz.
- Jamoaga yangi futbolchilar olishda ularning murabbiyga to‘g‘ri kelishiga e’tibor qaratiladimi?
- Tarkibni kuchaytiradigan o‘yinchilarni Rahimovga moslab olish shart emas. Ular klubga kerak, klub men bilan yoki mensiz ham rivojlanib borishi lozim. Mening asosiy vazifam jamoani mustahkam o‘rtamiyonaga aylantiradigan o‘yin uslubini shakllantirish, deb hisoblayman. Buni qanchalik uddalay olishimizni vaqt ko‘rsatadi.
- Faqat erkin agentlarni qidiryapsizlarmi?
- Erkin agentlarning ijobiy tomonlari ko‘pligiga qaramay, faqat ular bilan cheklanmaymiz. Masala boshqa tomonda. Ko‘pchilik musobaqa jadvaliga qarab, o‘ylanib qolyapti. Futbolchilar uzoq muddatli shartnoma tuzmoqchi bo‘ladi. Bu klublarga noqulaylik keltirib chiqaradi. Bunday vaziyatda optimal variantlarni topish kerak.
- Shamil Gazizov “Ufa”ni kuchaytiradimi?
- Shubhasiz. U “Ufa” haqida hamma narsani biladi. Klubni quyidan boshlab olib chiqqan.
- O‘runovni olish rejasi bormi?
- Rejamizda ko‘p narsa bor, lekin bunga imkoniyat bo‘larmikin? Aslida Oston O‘runov bizga kerak, lekin hammasi juda ko‘p omillarga bog‘liq. Masalan, jamoadagi legionerlar soniga.
Ma’lumki, Oston O‘runov Rossiya fubolidagi faoliyatini aynan “Ufa”da boshlagan. Bu jamoa tarkibida o‘zbekistonlik yarim himoyachi juda zo‘r o‘ynadi. Ufaliklar qishki transferlar vaqtida Oston O‘runovni jamoaga qaytarishga harakat qilayotgani haqida xabarlar chiqmoqda.
Fikrlar