“Endi Oston O‘runovni olishga kuchimiz etmaydi!”
Qishki transferlar vaqtida “Spartak” Oston O‘runovni boshqa klubga transfer qilishi yoki ijaraga jo‘natishi mumkinligi haqida ko‘p gapirilmoqda. O‘zbek futbolchisiga xaridorlar qatorida uning avalgi klubi “Ufa”ning ham nomi tilga olinmoqda. Ushbu klubning direktorlar kengashi raisi Rostislav Murzagulov bilan suhbatlashgan jurnalistlar yana bir bor Oston O‘runovni jamoaga qaytarish masalasini ko‘tardi.
E’tiboringizga ushbu suhbatning O‘runovga tegishli qismini tarjima qilgan holda havola etamiz.
- Oston nega Moskvada o‘ynab keta olmayapti?
- O‘runov u erga erta ketdi. U katta chempionatga ega bo‘lgan mamlakatga endigina kelgandi. “Ufa”da atigi bir nechta uchrashuvda to‘p tepdi xolos.

Oston o‘zining imkoniyatlarini bilmaydigan, mashg‘ulotlarda nimalar qila olishini ko‘rmagan, uni umuman tanimaydigan murabbiy unga birdaniga ishonch bildirib, ketma-ket imkoniyat berishiga ishonishi soddalikdan boshqa narsa emas. Men “Spartak”da unga atigi 10 daqiqa berishlarini bilardim. Amalda shunday ham bo‘lib chiqdi.
Bundan tashqari, u erda ko‘p narsa psixologiyaga ham bog‘liq. Uning “Spartak”da o‘ynab ketishi qiyin bo‘lishi oldindan ma’lum edi. U urinib ko‘rishga qaror qildi, futbol jamoatchiligiga o‘zini ko‘rsatdi. Lekin Ostonning kelajagi borligiga ishonaman.
Agar Ostonning o‘rnida bo‘lganimda yarim yil, bir yil “Ufa”da o‘ynagan bo‘lardim. Shunda u o‘zining bor iste’dodini namoyon qilgan bo‘lardi. Barcha murabbiylar uning nimalarga qodirligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rardi. Keyin kattaroq klublarga tantana bilan yo‘l olardi. U esa, biroz shoshildi.
- Unga qo‘ng‘iroq qilib, “Oston ortga qaytish vaqti keldi” demaysizmi?
- Afsuski endi buning iloji yo‘q. Agar shunga imkoniyat bo‘lganida men juda xursand bo‘lardim. Lekin vaziyat ancha murakkab.
- Nega?
- Oston “Spartak”ga o‘tganidan keyin buyuk futbolchiga aylandi. Bunaqa futbolchilarni cho‘ntagimiz ko‘tarmaydi, endi uni olishga kuchimiz etmaydi. Biz bundan buyog‘iga yangi O‘runovlarni qidirishga e’tibor qaratamiz.
- Yuranning Oston O‘runovning yoshi urilgani haqidagi gaplari haqida nima deya olasiz?
- Sergey Yuran ehtirosga beriluvchan odam. Bu gaplar uning kallasiga qaerdan kelib qolganini bilmayman. O‘runovni uzoq vaqt kuzatganmiz. Uni bir oy ichida topganimiz yo‘q. Oston pasportini qanday o‘zgartirgan bo‘lishi mumkinligini tushunmayman. Meni kechirasizu, O‘zbekiston nufuzli davlat va bu mamlakatda pasportni qalbakilashtirish jinoyat hisoblanadi.

Oston O‘runov ayni paytda "Spartak" bilan Birlashgan Arab Amirliklarida dastlabki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tamoqda. Jamoa bosh murabbiyi Domeniko Tedesko o‘zbek futbolchisining harakatlaridan qoniqayotganini ta’kidladi. Shunday bo‘lsa-da, O‘runovning Moskva klubidagi kelajagi hamon mavhum bo‘lib turibdi.
Fikrlar