
O‘runov “yo‘qolib” qoldi!
Transfer huquqi “Spartak”ga tegishli bo‘lgan hamyurtimiz Oston O‘runov atrofida g‘alati holatlar yuzaga kelmoqda.
Iste’dodli yarim himoyachi bugun Rossiya futbolida hech kimga kerak emas. “Spartak” klubi rahbariyati, murabbiylar shtabi, yangi bosh murabbiy Ruy Vitoriya o‘zbek futbolchisiga ishonch bildirishga tayyor emasligini yashirmayapti.
Avvalroq, Oston O‘runovga xaridor chiqmasa, u mavsumni Milliy futbol ligasida “Spartak-2” jamoasida o‘tkazishi aytilgandi. Biroq, kecha boshlangan liga qaydnomasida Oston O‘runovning nomi yo‘q.
Hozircha, legionerimizga boshqa klublardan taklif yo‘q. Bungacha bo‘lgan takliflarning ikkitasiga klub, bittasiga futbolchi vakillari tomonidan rad javob berildi.
Jamoaning portugaliyalik bosh murabbiyi Ruy Vitoriya o‘zbek futbolchisi kelajagi haqidagi savolga u boshqa futbolchilarni sinab ko‘rishni ma’qul topgani uchun Oston O‘runov o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga jalb etmagani, balki kelajakda vaziyat o‘zgarishi mumkinligini ta’kidlash bilan javob qilganini xabar bergan edik.
Bundan tashqari, “Spartak”ning rivojlanish va kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Anton Fetisov klub sentyabr oyiga qadar Milliy futbol ligasi qaydnomasi futbolchi qo‘shish imkoni borligini ta’kidladi. Demak, Oston O‘runov hozircha “spartakchilar”ning hech bir tarkibiga kerak emas.
Shu ma’lumotlar fonida yana bir voqea muxlisu mutaxassislar e’tiborini tortdi. “Spartak” klubining rasmiy saytida Oston O‘runov profili yo‘qolib qoldi. Buni ko‘pchilik o‘zbek legionerini klubni tark etgani bilan izohladi.
Vaziyatga klub rahbariyati quyidagicha munosabatbildirdi.
- Bu oddiy texnik xato. Oston O‘runovning “Spartak” rasmiy saytidagi profili qayta tiklandi. Klubning 100 yillik yubileyiga yangi raqamli tizim yaratilyapti. Agar u ishga tushsa, kelajakda hozirgidek texnik kamchilik va xatolar takrorlanmaydi, - dedi Anton Fetisov.
Xullas, hozircha iqtidorli yarim himoyachimiz asosiy e’tiborini jarohatlarini davolatishga qaratmoqda. Jismonan baquvvat va jarohatlarga chidamli hisoblangan Oston O‘runov o‘tgan yili yozda “Spartak”ga o‘tganidan beri juda ko‘p jarohatlarga yo‘liqdi.
Balki Oston O‘runov ham Rossiya futbolida o‘zini ko‘rsatish uchun imkon berilmagan Jasur Jaloliddinov kabi yurtimizga qaytib, hammasini boshqatdan boshlagani ma’quldir?!
Chunki, voqealarni kuzatib shunga ishonch hosil qila boshladikki, O‘runov “Spartak” rahbariyati va hamyurtimizni moskvaliklar safiga olib kelgan Shamil Gazizov o‘rtasidagi ziddiyat qurboniga aylanib qolganday ko‘rinyapti.
Biz tez orada O‘runovning muammolari bartaraf etilib, u yana maydonda javlon urishidan umidvormiz.
Fikrlar