Osiyo oʻyinlari-2026: Oʻzbekiston tarixiy medalni qoʻlga kiritdi, lekin umumiy reytingda pastga shўngʻidi
Medallar sifatini oshirish kerak
Yaponiyaning Aychi va Nagoya shaharlarida o'tayotgan XX yozgi Osiyo o'yinlarining to'rtinchi musobaqa kuni yakuniga ko'ra, O'zbekiston terma jamoasi umumiy medallar jadvalida 14-o'ringa tushib qoldi.
Kun davomida o'zbekistonlik sportchilar to'rtta bronza medalini qo'lga kiritdi. Fextovanie bo'yicha terma jamoa hisobini Polina Volobueva ochdi. U rapira bo'yicha yakkalik bellashuvlarda yarim finalgacha yetib borib, bronza medaliga sazovor bo'ldi.
Yana ikki bronza ushu-sanda yo'nalishida qo'lga kiritildi. 56 kilogrammgacha bo'lgan vazn toifasida Saydullo Abdurashidov yarim finalda Xitoy vakiliga mag'lub bo'ldi. 75 kilogrammgacha bo'lgan vaznda esa Doniyor Turg'unboev yarim finalda Eron sportchisiga yutqazib, bronza medali bilan cheklandi.
Kibersport bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi tarixiy natija qayd etdi. Virtual futbol musobaqalarida ishtirok etgan Abubakr Eminjonov va Farrux Mirhamidov yarim finalgacha yetib borishdi va shu orqali mamlakatga ushbu yo'nalishdagi ilk Osiyo o'yinlari medalini taqdim etishdi.
Hozirgi paytda O'zbekiston terma jamoasi hisobida jami o'nta medal mavjud: bitta oltin, to'rtta kumush va beshta bronza. Bir kun oldin jamoa olti medal bilan 9-o'rinni egallab turgan edi, endi esa 14-pog'onaga tushib qoldi. Jadvalda O'zbekistondan yuqorida 12 medal bilan Hindiston joylashgan, orqada esa olti medal qo'lga kiritgan Makao terma jamoasi bormoqda.

Izohlar (0)