Otasiga o‘xshaydimi? Buffonning o‘g‘li A Seriyada debyut qildi
Jahon futboli tarixidagi eng zo‘r darvozabonlardan hisoblangan Janluiji Buffonning o‘g‘li Lui Toma Italiya chempionati A Seriyasida debyut o‘yinini o‘tkazdi.
Qizig‘i shundaki, Janluiji Buffonning o‘zi roppa-rosa o‘ttiz yil muqaddam ushbu top ligadagi birinchi uchrashuvida maydonga tushgan edi.
Lui Toma Buffonning ilk chiqishi “Bolonya” va “Piza” o‘rtasidagi uchrashuvga to‘g‘ri keldi. Bolonyaliklar 4:0 hisobida oldinda borayotgan uchrashuvda raqib bosh murabbiyi Alberto Jilardino 77-daqiqada 17 yoshli Lui Toma Buffonni zaxiradan maydonga tushirdi.
Qanot hujumchisi pozitsiyasida o‘ynaydigan Lui garchi gol urmagan bo‘lsa-da, faol o‘ynashga harakat qildi.
Yana bir e’tiborga molik jihati Lui Buffon xalqaro miqyosda Chexiya o‘smirlar terma jamoasi safida uchta uchrashuv o‘tkazgan. Shunga qaramay, yosh futbolchida keyinchalik Italiya terma jamoasini tanlash huquqi ham bor.
Fikrlar