"Oxirgi o‘yinimizni finalga tenglashtirsa bo‘ladi". "Nasaf"dagi Zafarmurodning zafarli yurishi
“Nasaf” jamoasining iqtidorli va mahalliy tarbiyalanuvchilaridan biri Zafarmurod Abdurahmatov haqida ko‘pchilik iliq gaplarni aytyapti.
Darhaqiqat, u nafaqat “Nasaf”ning, balki futbolimizning kelajagi sifatida e’tirof etilyapti. Futbolchi OChLning 5-turida Qarshida “Al-Faysali”ga qarshi bahsda ham ajoyib o‘yin ko‘rsatdi va shunga yarasha chiroyli gol urdi.
Shundan so‘ng Abdurahmatov Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Avvalambor, ajoyib o‘yin va g‘alaba bilan tabriklayman. Bunday uchrashuvdan keyin bir necha kun o‘tdi va xulosalar qanday?
Yaxshi o‘yin bo‘ldi. Uchrashuv tugashi bilanoq biz keyingi o‘yinga tayyorgarlikni boshladik. Hammasi yaxshi ketyapti. Oldinda yana ikkita o‘yinimiz bor. “Al-Faysali”ni mag‘lub etgan o‘yinimizni unutib bo‘ldik.
- O‘sha bahsning birinchi bo‘limi omadsiz o‘tdi va murabbiyni ko‘rsatmasi qanday bo‘ldi? Chunki ikkinchi bo‘limda jamoa butkul o‘zgardi?
- Albatta, taym so‘ngidagi gol har qanday jamoani tushkunlikka tushiradi. Murabbiyimiz birinchi bo‘limdan keyin bizga bu o‘yin bizniki, Qarshida bo‘lyapi, albatta yutishimiz kerak, qo‘ldan kelgaicha hamma harakat qilsin, Xudo xohlasa, ikkinchi bo‘lim boshidan tezkor gol urib olamiz, g‘alabani qo‘lga kiritamiz, deb aytgandi va amalda shunday bo‘ldi.
- Sizni golingiz shedevr gollar qatorida. Ayting-chi, bu gol faoliyatingizda eng chiroylisimi? Qanday ta’rif berasiz?
- Golga keladigan bo‘lsak, to‘g‘ri chiroyli bo‘ldi. Bu ham boshqa gollarim kabi eng yaxshilaridan biri. Hech qaysinisini ajratib ko‘rsatmaganman. Muhimi, urgan golimni jamoamga foydasi tegsa bo‘ldi.
- “Nasaf”da keyingi bosqichga chiqish uchun yaxshi imkoniyat bor. Oxirgi tur final kabi katta ahamiyatga ega deb o‘ylaysizmi?
- Albatta, hammada imkoniyat bor. Shuning uchun guruhdagi oxirgi uchrashuvimizni finalga tenglashtirsa bo‘ladi. Qolaversa, har qanday o‘yin ham aslida finalga teng bo‘lyapti. Bu ayniqsa, mavsum oxirlab qolgan paytda yanada muhim ahamiyat kasb etadi.
- “Nasaf”da doim kashfiyot futbolchilar etishib chiqadi va ulardan birisiz. Katta futboldagi asosiy maqsad va orzuingiz nima?
- Xudo xohlasa, O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarish, jahon chempionatlarida madhiyamizni yangratish va top-5 chempionatlarida to‘p surish kabi niyatlarim bor.
- ”Nasaf” OChLda qaergacha bora oladi, deb o‘ylaysiz?
- Bu qiyin savol. Chunki oldindan biror nrasa deb bo‘lmaydi. To‘p yumaloq maydon tekis deyishadi. Qo‘ldan kelganicha harakat qilamiz va yaxshi natijalar ko‘rsatishga intilamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar