Oybek Rustamov: Barcha jihatlarni solishtirib ko‘rganimdan so‘ng "Nasaf" varianti kelajagim uchun eng to‘g‘ri qaror, deb hisobladim!

  • 17.12.2025 12:42
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Futbol

"Nasaf" a’zosiga aylangan Oybek Rustamov saytimizga qisqa intervyu berdi. Tajribali futbolchi rejalari va ilk taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Avvalambor, assalomu alaykum. Yangi jamoaga o‘tganingiz bilan tabriklayman. Nima sabab aynan "Nasaf" jamoasi variantini tanladingiz?

Va alaykum assalom, rahmat. "Nasaf" O‘zbekistonda o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yadigan, doim chempionlik va xalqaro musobaqalar uchun kurashadigan jamoa. Klubning barqarorligi, murabbiylar shtabi va qo‘yilgan ishonch men uchun asosiy omil bo‘ldi. Shuningdek, "Nasaf"da o‘sish va o‘zimni yanada rivojlantirish imkoniyatini ko‘rdim.

"Nasaf"dan boshqa takliflar ham bormidi?

Ha, boshqa jamoalardan ham takliflar bo‘ldi. Ammo barcha jihatlarni solishtirib ko‘rganimdan so‘ng "Nasaf" varianti mening kelajagim uchun eng to‘g‘ri qaror, deb hisobladim.

OKMKda 3 mavsum o‘tkazdingiz va mana shu yillarda qaysi tomondan o‘sdim deb o‘ylaysiz?

OKMKda o‘tgan yillar men uchun katta maktab bo‘ldi. Ayniqsa, taktik jihatdan, jismoniy tayyorgarlik va mas’uliyat hissi tomondan ancha o‘sdim. Katta o‘yinlarda tajriba orttirdim va o‘zimga bo‘lgan ishonch oshdi.

Olmaliqda siz uchun eng yodda qolgan o‘yin yoki mavsum haqida gapirib bersansiz?

Eng yodda qolgan mavsum jamoa bilan yuqori o‘rinlar uchun kurashganimiz va hal qiluvchi o‘yinlarda yaxshi natijalar qayd etganimiz bo‘ldi. Ayniqsa, muxlislar oldida o‘tgan muhim g‘alabalar hech qachon esdan chiqmaydi. Mana shu jonkuyar muxsilarga rahmat!

Ushbu mavsumda nimalar kutmoqdasiz?

Oldimizga katta maqsadlar qo‘yilgan. Chempionlik uchun kurashish, kubok va xalqaro maydonda yaxshi natijalarga erishishni istaymiz. Shaxsan o‘zim jamoaga maksimal foyda keltirishni maqsad qilganman.

"Nasaf" bilan o‘tgan mavsum 3 marta to‘qnash keldingiz, Sizga ushbu jamoadagi qaysi futbolchilarning o‘yni ko‘proq yoqadi?

"Nasaf"da tajribali va yosh iqtidorli futbolchilar uyg‘unlashgan. Ayrim etakchi o‘yinchilarning maydondagi harakati, jamoani olib chiqib ketish qobiliyati har doim menga yoqqan. Umuman olganda, jamoaviy o‘yin kuchli.

Jamoaga qo‘shilganingizdan keyingi ilk taasurotlar qanday bo‘ldi, yangi jamoadoshlaringiz ancha chiqishimli ekanmi?

Ilk taassurotlar juda yaxshi. Jamoada muhit ajoyib, barcha futbolchilar ochiqko‘ngil va yordam berishga tayyor. Qisqa vaqt ichida jamoaga moslashib ketaman, deb o‘ylayman", - deya fikr bildirdi 28 yoshli xavbek. 

Eslatib o‘tamiz, Rustamov "ajdarlar" bilan 3 yillik shartnoma imzoladi.

Oybek Yuldoshev suhbatlashdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!