"O‘z uyida" begona yoxud bugun Superligada bitta o‘yin bor
Ha, chindan ham shunday. “O‘z uyida” begona bo‘lgan “Qizilqum” jamoasi bugun Superliganing 6-turida Farg‘onaning “Neftchi”sini qabul qiladi. Uchrashuv Qarshidagi “Markaziy” stadionda o‘tkaziladi. Bilsangiz kerak, Navoiyning “Qizilqum”i o‘z stadioni maydon chimi yangilanayotgani uchun vaqtincha o‘z uyida o‘tadigan uchrashuvlarni “Nasaf” maydonida o‘tkazib turibdi. Shuning uchun ham ma’joziy ma’noda “Qizilqum” “o‘z uyida” begona. Demak, ikkala jamoa ham safarda o‘ynaydi.
“Neftchi” 4 ta o‘yinda 3 g‘alaba va 1 mag‘lubiyat qayd etib, 9 ochko jamg‘arib 4-o‘rinda. Ularda bitta zaxira uchrashuvi ham bor. “Qizilqum” esa 5 ta bellashuvda 2 g‘alaba 1 durang va yana 2 mag‘lubiyatga uchrab, 7 ochko bilan 8-pog‘onada. Yodingizda bo‘lsa, Jamshid Saidov jamoasi chempionatni ketma-ket ikkita g‘alaba bilan boshlagandi. Lekin oxirgi uchta turdan beri “Qizilqum” yutolmayapti. 1 durang va 2 mag‘lubiyati bor.

“Neftchi” chempionatdagi ketma-ket uchta g‘alabadan keyin 4-turda Toshkentda “Olimpik”ga imkoniyatni boy berganidan beri bir oydan ortiq vaqt o‘tdi va mana endi navbatdagi turda maydonga tushadi. Orada esa farg‘onaliklarning 5-tur doirasida “Paxtakor”ga qarshi o‘yini qoldirilgan.
“Qizilqum” va “Neftchi” jamoalari chempionat doirasida shu kungacha 44 marotaba to‘qnashishgan, navbatdagisi 45-o‘yinga aylanadi. O‘zaro bellashuvlarda “Qizilqum”da 12, “Neftchi”da 23 ta g‘alaba bor. 9 ta bahsda kuchlar teng kelgan. To‘plar nisbati 41x67 farg‘onaliklar foydasiga.

Jamoalarning ilk to‘qnashuvi 2000 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda “Qizilqum” mezbonligidagi o‘yinda 1:2 hisobida “Neftchi” yutib ketgan. O‘tgan yili Navoiyda 1:1, Farg‘onada esa maydon egalari 1:0 hisobida g‘alaba qozongan.
Har qanday holatda ham Qarshida hujumkor futbol ko‘ramiz. “Qizilqum” uchta o‘yindagi g‘alabasiz seriyasiga barham berish uchun ham ehtiyotkor, ham aqlli o‘yin ko‘rsatishiga to‘g‘ri keladi. “Neftchi”da balki biroz ustunlik bo‘lishi mumkin. Biroq buni natijada ham ko‘rsatishi lozim.
Fikrlar