
O‘zbek bokschisidan nokaut bo‘lgan raqib janjal ko‘tardi, bahona topdi va baribir mag‘lubiyatini tan oldi!
Polshaning Vrotslav shahridagi katta boks kechasida hamyurtimiz Lazizbek Mullajonov o‘ta og‘ir vazn toifasida qozog‘istonlik Nursulton Amanjolov bilan kuch sinashdi.
Professional ringda raqib bokschisi bungacha beshta jangning barchasida g‘olib chiqqani va tajribasi ko‘proq ekanini inobatga olib, aynan Nursultonning imkoniyatlari yuqori baholanayotgan edi.
Lazizbek Mullajonov esa, asosiy e’tiborini havaskorlar boksiga qaratgani bois, professional faoliyatini uchta jang bor edi, xolos. Ularning barini bokschimiz muddatidan oldin yakunlagan.
Prlshadagi olti raundlik reyting jangi muxlislarga kutilgan keskin va murosasiz bellashuvni taqdim etmadi. O‘zbek bokschisi birinchi raund avvalidan shiddatli hujum boshladi. Nursulton qaqshatqich zarbalar seriyasini o‘tkazib yuborganidan keyin uchrashuv hakami jangni to‘xtatib, texnik nokaut qayd etdi.
Professional faoliyatida ilk bor “kaltak” egan qozoq bokschisi mag‘lubiyatini tan olishni istamadi. U texnik nokaut e’lon qilgan hakam bilan “Nega jangni to‘xtatding”, deb tortishib ketdi, uni bir necha marotaba turtib yubordi, o‘z burchagiga borishdan bosh tortdi.
Shu o‘rinda Boxingnewsonline.net sayti jurnalisti Deklan Uorrington Vrotslavdagi boks kechasiga oid qiziq ma’lumotni tarqatdi.
Mutaxassis “Tarczyński Arena”dagi ring standart o‘lchamlarga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.
- Vrotslav stadionidagi ring keyingi paytda men ko‘rganlar orasida eng kichkinasidir, - deb yozdi Deklan Uorrington.
Jangdan keyin hissiyotlarini bosib olgan Nursulton Amanjolov baribir mag‘lubiyatini tan oldi.
Qozog‘istonlik bokschi mag‘lubiyat sababini mashg‘ulotlar jarayoni etarli darajada bo‘lmagani bilan izohladi.
- Mag‘lubiyatimning sabablari ko‘p. Asosiysi sababi – men murabbiysiz tayyorlangan edim, - dedi Nursulton Amanjolov.
Shunday qilib, Lazizbek Mullajonovning professional boksdagi rekordni to‘rtta jang, to‘rtta g‘alaba va to‘rtta nokautga etdi. Bundan tashqari, Lazizbek havaskorlar boksida 46 ta g‘alaba va sakkizta mag‘lubiyat qayd etgan. Mullajonov havaskor boks bo‘yicha Osiyo chempionati g‘olibi, jahon chempionati sovrindori hamda harbiy xizmatchilar o‘rtasida jahon chempioni hisoblanadi.
Professional boksdagi beshda jangdan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasini yakunlagan Nursulton Amanjolovning havaskor bokschilar o‘rtasidagi ko‘rsatkichlari biroz kamtarroq. Boksga ixtisoslashgan https://boxrec.com saytida Nursulton havaskorlar o‘rtasida 13 ta jangda g‘olib chiqqani va yana shuncha bahsni raqiblariga boy bergani qayd etilgan.
Fikrlar