O‘zbekiston g‘alabasiga Evropadan qanday munosabat bo‘ldi?
Legionerlar aksariyat vaziyatlarda O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy kuchi bo‘lib kelgan. Xorijda to‘p tepadigan futbolchilarning xalqaro maydondagi tajribasi ko‘pincha terma jamoaga qo‘l kelishi ham sir emas.
2026 yilgi jahon chempionati saralash turnirida E guruhining dastlabki uchrashuvida O‘Zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets Turkmanistonga qarshi o‘tkazilgan safar uchrashuvida besh nafar legionerni boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirdi.
“Kalyari” hujumchisi Eldor Shomurodov, “Fatih Karagyumryuk” yarim himoyachisi Otabek Shukurov, “Rizespor” vakili Husniddin Aliqulov, “Lans” markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov hamda “Rubin” o‘yinchisi Rustam Ashurmatov ancha faol o‘ynadi.
Butun bellashuv davomida Aliqulov, Husanov, Ashurmatov himoyani mustahkam ushlashga harakat qilgan bo‘lsa, Eldor va Otabek birgalikda uchta gol urib, terma jamoamiz g‘alabasini ta’minladi.
Frantsiya ommaviy axborot vositalari Abduqodir Husanov tufayli O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinini kuzatdi va g‘alabaga o‘z munosabatini bildirdi.
Futbolga ixtisoslashgan le11hdf.fr sayti bu borada quyidagi ma’lumotni chop etdi.
- O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida oktyabr oyidagi o‘rtoqlik o‘yinlarda muvaffaqiyatli qatnashgan Abduqodir Husanov bu gal ham O‘zbekiston bilan g‘alabaga erishdi.
Birinchi bo‘lim oxirlarida o‘z darvozasidan to‘p o‘tkazib yuborgan o‘zbeklar o‘yinning ikkinchi yarmida natijani o‘zgartira oldi. Ular 57-daqiqadan boshlab, uchta gol urdi.
Abduqodir Husanov bellashuvni himoya markazida boshlab, terma jamoadagi oltinchi uchrashuvida to‘liq o‘ynadi, - deb xabar tarqatdi le11hdf.fr sayti.
- 2026 yilgi jahon chempionatining Osiyo qit’asidagi saralash turniri doirasida O‘zbekiston ilk o‘yinda birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
Turkmanistonga qarshi bahsda Srechko Katanets shogirdlari tanaffus oldidan kutilmaganda gol o‘tkazib yubordi va mezbonlarni hisobda quvishiga to‘g‘ri keldi. Abduqodir Husanov va uning jamoadoshlari 3:1 hisobida g‘alaba qozonishni uddaladi. Otabek Shukurovdan dubl va Eldor Shomurodov yakuniy nuqtani qo‘ydi.
“Lans” himoyachisi Abduqodir Husanov O‘zbekiston terma jamoasining to‘rt himoyachisidan biri bo‘ldi va o‘yinni to‘liq o‘tkazdi.
G‘alaba evaziga Srechko Katanets shogirdlari E guruhida peshqadamlardan biriga aylandi. Endi navbat O‘zbekiston – Eron o‘yiniga. Bu bahs 21 noyabr kuni bo‘ladi, - deb yozdi nufuzli manbalardan biri – lensois.com sayti jurnalisti Eloiza De Mester.
Saralash guruhida birinchi turdan keyin uchtadan ochko jamg‘argan Eron va O‘zbekiston milliy terma jamoalari peshqadamlik qilmoqda. Eronlik futbolchilar o‘z maydonida Gongkong terma jamoasini 4:0 hisobida mag‘lub etdi va to‘plar nisbatiga ko‘ra, hozircha guruh jadvalida birinchi o‘ringa joylashtirildi. Navbatdagi turda ikki peshqadam Toshkentda o‘zaro to‘qnashadi.
Turkmanlar Shomurodovning zarbalaridan "bezillab" qoldi
Fayzullaev braziliyaliklarni hayratga soldi
Fikrlar