
O‘zbekiston haqiqatdan ham JChga mezbonlik qilmoqchimi? Imkoniyatimiz qanday? - Mutaxassis javob berdi
Indoneziyadan keyin Peru bu yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilish huquqidan mahrum bo‘ldi. FIFA 17 yoshli o‘smirlar o‘rtasidagi mundialni ikkinchi bor ushbu mamlakatdan ko‘chirishga qaror qildi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida xabar berildi. Bu birinchi marta 2019 yilda sodir bo‘ldi, keyin esa turnirga Braziliya mezbonlik qilgandi.
Peru 2021 yilda 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilishi kerak edi, ammo pandemiya bunga to‘sqinlik qildi. Bu safar esa mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat sabab bo‘lmoqda. Kichik mundial 2023 yilning 10 noyabr - 2 dekabr oralig‘ida o‘tkazilishi belgilangandi.
Taniqli mutaxassis Alisher Nikimbaev telegramdagi sahifasida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 17 yoshli o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilish uchun ariza topshirmoqchi ekanligini yozgandi. Ushbu ma’lumot yuzasidan mutaxassisga bir nechta savollar bilan yuzlandik.
Manba: O‘zbekiston futbol bo‘yicha jahon chempionati mezbonligi uchun ariza topshirmoqchi
- Bir necha kun oldin telegramdagi sahifangizda U-17 jahon chempionati mezbonligi uchun O‘zbekiston ariza topshirmoqchi, deya xabar berdingiz. Bu ma’lumot qay darajada asosli?
- Ularda shunday niyat bor. Lekin U-17 jahon chempionati mezbonligi uchun ariza topshirdimi yoki yo‘q, bunisi noma’lum. Ushbu ma’lumotni O‘FAdagilar tasdiqlashi kerak.
- Agar O‘FA ariza topshirsa, biz qanday talablarni bajarishimiz lozim?
- Birinchi navbatda, 6 ta stadion kerak bo‘ladi. Lekin Argentina misolini olaylik. Ushbu mamlakatda shuncha arena bo‘lmasligi mumkin. Shunday gaplar bor, Argentinadagi kichik mundial 4-5 ta o‘yingohda o‘tishi mumkin. Chunki tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt ham yo‘q. Qaror qabul qilishdan oldin FIFA komissiya jo‘natadi. Ular shaharlarni, stadionlarni, mehmonxona va infrastrukturani tekshirib, keyin hulosa chiqaradi.
Muammo nimada? Turnir noyabrda bo‘ladi. Ob-havo qanday o‘tishi, maydonlarning ahvoli qay darajada bo‘lishini bilmadim, lekin FIFA bularni nazoratga olishi aniq. Masalan, men ham 2013 yili BAAdagi aynan 17 yoshlilar o‘rtasidagi jahon chempionati tashkiliy qomitasida ishlaganman. Hattoki BAAda ham maydonlar borasida qiyinchiliklar bor edi…
Chempionatda 24 terma jamoa ishtirok etadi. 6 ta stadion va bitta hakamlar uchun mashg‘ulot maydoni kerak. Jami shunda 31 ta maydon bo‘ladi.
- Mezbonlik borasida imkoniyatimiz qanday? FIFA bizga mundialni topshirishi qanchalik haqiqatga yaqin?
- Mezbonlik uchun nomzodlarni hali hech kim e’lon qilmadi. Bilishimcha, Indoneziya harakat qilyapti. Bu mamlakatdan 20 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionati olib tashlanganidan so‘ng ular FIFAga hech bo‘lmasa o‘smirlar o‘rtasidagi mundialni berishni so‘rab murojaat qilmoqda.
Yana qaysi jamoalar bo‘lishini hozir bilmayman. Qolganini ro‘yxat e’lon qilinganidan keyin gapirsa bo‘ladi.
Bekzod ISAEV
Fikrlar