“O‘zbekiston milliy sport va xalq o‘yinlari entsiklopediyasi”ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Bugun Sportni rivojlantirish vazirligida “O‘zbekiston milliy sport va xalq o‘yinlari entsiklopediyasi”ning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
Tadbirda Sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov, O‘zbekiston Etnosport assotsiatsiyasi raisi Oybek Norinboev, O‘zbekiston Polvonlar milliy markazi raisi Norqul Yusupov, shuningdek, vazirlik va idoralar, etno va milliy sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalarning vakillari, entsiklopediya mualliflari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.
“O‘zbekiston milliy sport va xalq o‘yinlari entsiklopediyasi” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6099-sonli Farmoni hamda “Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan topshiriqlarning ijrosi doirasida yaratildi.
Entsiklopediya 2 qismdan iborat bo‘lib, unga jami 82 ta milliy xalq o‘yinlarining kelib chiqish tarixi va rivojlanish bosqichlari haqidagi ma’lumotlar o‘zbek, rus va ingliz tillarida kiritilgan.
Kitobning 1-qismida milliy sport turlari va ularning rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan sulolaviy sportchilar haqida so‘z yuritilgan bo‘lsa, 2-qismda milliy sport turlari va xalq o‘yinlarining kelib chiqish tarixi, rivojlanish bosqichlari to‘g‘risida hikoya qilinadi.
Taqdimot marosimida Sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov yig‘ilganlarni ushbu quvonchli voqea munosabati bilan samimiy tabriklab, etnosport turlarini yanada keng ommalashtirish va rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida gapirib o‘tdi. Kelgusida milliy sport o‘yinlarini xalqimiz, ayniqsa yoshlar orasida yanada ommalashtirish uchun nimalarga ahamiyat qaratish kerakligi borasida ham muhim tavsiya va maslahatlarni berdi.
“Birgina entsiklopediya bilan cheklanib qolish kerak emas. Chunki, entsiklopediyaga sanoqli milliy xalq o‘yinlarimiz kiritilgan. Bu esa hali oldimizda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘pligini anglatadi. Ushbu entsiklopediyani metodik o‘quv-qo‘llanmaga aylantirib, uni o‘quv muassasalarida, mahallalarda o‘quvchi yoshlarning foydalanishi uchun taqdim etishimiz kerak”, – degan fikrni ilgari surdi vazir.
“Bugun biz uchun haqiqiy bayram, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki biz orziqib kutgan kun etib keldi. Ushbu entsiklopediyadan men tomonimdan 20 yildan ortiqroq vaqt mobaynida respublikamiz bo‘ylab kezib, xalq orasidan yozib olingan 150dan ortiq xalq o‘yinlarining 29tasi kiritilgan. Bu bilan to‘xtab qolmasligimiz kerak, hali xalq orasida uxlab yotgan, yozib olinmagan milliy o‘yinlarimiz juda ko‘p. Ularni izlab topish, targ‘ib qilish va ularning yo‘qolib ketmasligi uchun harakat qilishimiz kerak”, – dedi mazkur entsiklopediya hammualliflaridan biri, pedagogika fanlari nomzodi Guljahon Mardonova.
Shuningdek, tadbir davomida bir qator mutaxassislar ham ushbu entsiklopediyaning ahamiyati borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Fikrlar