O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisining Ukraina chempionatiga o‘tish ehtimoli yuqori. Hamyurtimiz muzokaralar jarayonida - Agent
O‘tgan mavsum "Bunyodkor"da ijarada o‘ynagan huquqiy jihatdan "Paxtakor"ga tegishli futbolchi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev faoliyatini xorijda davom ettirishi mumkin. 19 yoshli chap qanot himoyachisi Ukraina klublaridan biriga o‘tishga yaqin turibdi. Hamyurtimiz Ukraina Premer ligasining 4 klubi bilan muzokara o‘tkazmoqda. Bu ma’lumotni footboom.com nashriga futbolchining agenti Nikita Shvets xabar bergan.

- Ha, men bu futbolchining Ukrainadagi agenti hisoblanaman. Bir nechta klubdan taklif borligi va ular bilan muzokara o‘tkazayotganimizni tasdiqlayman.
Ibrohimxalil Yo‘ldoshevning Ukraina klubiga o‘tish ehtimoli ancha yuqori, deb o‘ylayman. Qaysi klublar? Afsuski, hozircha buni ayta olmayman. Shunisi aniqki, bu klublar yuqori o‘nlikdan joy olgan, - dedi futbolchimizning Ukrainadagi agenti.
Ibrohimxalil Yo‘ldoshev O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. U Vadim Abramov qo‘l ostida terma jamoada debyut qilgan.
Fikrlar