O‘zbekiston terma jamoasiga Rossiyadan ikki xil munosabat bo‘ldi!
Qatar mezbonlik qilayotgan Osiyo kubogi guruh o‘yinlarini mag‘lubiyatsiz yakunlagan O‘zbekiston milliy terma jamoasi pley-off bosqichiga yo‘llanma oldi.
Terma jamoamiz safida Rossiya Premer-ligasida to‘p tepgan va hozir ham o‘ynayotgan futbolchilar – Oston O‘runov, Hojimat Erkinov, Rustam Ashurmatov va Abbosbek Fayzullaev borligi uchun rus ommaviy axborot vositalari ham Osiyo kubogini yoritib bormoqda.
Ana shunday manbalardan biri – metaratings.ru sayti jurnalistlari O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo kubogidagi ishtiroki asosida rossiyalik mutaxassislardan agar Rossiya terma jamoasi Osiyo futbol kenfederatsiyasiga ko‘chib o‘tganida qit’a chempionatidagi natijalar qanday bo‘lishi mumkinligi haqida so‘radi.
Gadji Gadjiev, Maxachqal’aning “Dinamo” klubi prezidenti:
– Biz O‘zbekiston bilan deyarli bir xil saviyadamiz, deb o‘ylayman. O‘zbeklarda juda ko‘p iste’dodli yigitlar o‘sib chiqdi, ular qit’a miqyosidagi turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda, hatto yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida ham o‘zini ko‘rsatib kelayotganlari bor. Ularda juda yaxshi futbolchilar tarbiyalanyapti.
– Rossiya Premer-ligasida O‘zbekiston terma jamoasidan faqat Abbosbek Fayzullaev muntazam o‘ynayapti. Bizning chempionat darajasiga to‘g‘ri keladiganiga birgina Fayzullaevmi? Yoki boshqa iqtidorli futbolchilar hali bizgacha etib kelmadimi?
– Bu tabiiy jarayon. Hamma narsa birdaniga bo‘lavermaydi. Boshqa o‘yinchilar ham kelishi mumkin. Bizning aloqalarimiz yaxshi, o‘zbek yigitlari tilni biladi, bu juda muhim jihat. Chempionatimizda o‘ynab ketgan Oston O‘runov ham juda iqtidorli futbolchi, biroq bixning ko‘plab o‘yinchilarimiz kabi ishga professional darajada yondasha olmadi.
Aleksandr Shikunov, “Spartak” klubi sobiq sport direktori:
– Bu masalaga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berish qiyin. Rossiya terma jamoasi Osiyoda o‘ynamagan va o‘ynamasa ham kerak. Terma jamoamiz O‘zbekistondan va Osiyo kubogida qatnashayotgan barcha jamoalardan kuchli ekani aniq. Shuning uchun ham milliy chempionatimizda O‘zbekistondan faqatgina bir kishi – Abbosbek Fayzullaev o‘ynayapti.
Ularga bizning chempionatda o‘ynash ham qiyin, yo‘qsa, juda ko‘p o‘yinchilar kelgan bo‘lardi. Hozir esa, TsSKAda faqat Abbos o‘ynayapti va boshqa o‘zbeklar yo‘q. Bu O‘zbekiston futbolining hozirgi darajasini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya terma jamoalari va klublari siyosiy vaziyat tufayli FIFA va UEFA musobaqalaridan chetlatilgan. Ana shu munosabat bilan Rossiya futbol ittifoqining Osiyo futbol konfederatsiyasi tarkibiga qo‘shilishi xalqaro maydonlarga qaytish variantlaridan biri sifatida ko‘tarilgan edi.
O‘zbekiston va Rossiya milliy terma jamoalari o‘zaro bir marotaba kuch sinashgan. Toshkentda o‘tkazilgan uchrashuvda kuchlar teng kelgan, tomonlarga gol urish nasib qilmagan.
Fikrlar