O‘zbekiston xalqaro sport turizmi yo‘nalishida yangi hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda
19 oktyabr kuni “Turistik mahsulotlarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi” davlat muassasasi va O‘zbekiston Kriket federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandum imzolandi
Joriy yilning 19 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Turistik mahsulotlarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi” davlat muassasasi va O‘zbekiston Kriket federatsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandum imzolandi.

Ushbu hamkorlik O‘zbekistonning xalqaro turizm maydonidagi imkoniyatlarini kengaytirish, sport musobaqalarini turistik yo‘nalishlar bilan uyg‘unlashtirish hamda mamlakatimizga xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qiladi.
Kelishuvga muvofiq, mamlakatimizda har yili “Uzbekistan International Cricket & Tourism Cup” xalqaro kriket musobaqasi va “Silk Road Cricket Festival” turistik festivalini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Mazkur tadbirlar xorijiy sportchilar, kriket muxlislari va sayohatchilarni O‘zbekistonga jalb etish uchun muhim platformaga aylanishi kutilmoqda.

Kriket, ayniqsa, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Janubiy Afrika hamda Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Shri-Lanka va Afg‘oniston kabi davlatlarda katta qiziqish bilan kuzatiladi. Shu bois ushbu mamlakatlar auditoriyasiga yo‘naltirilgan sport tadbirlarini tashkil etish O‘zbekistonning yangi turistik bozorlaridagi tanilishini oshirish imkonini beradi.
Tashabbusning muhim yo‘nalishlaridan biri — sport va madaniy turizmni o‘zaro bog‘lashdir. Xususan, kriket musobaqalari doirasida xorijiy mehmonlarga Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarning tarixiy obidalari, boy madaniy merosi hamda milliy an’analarini tanishtirishga qaratilgan turistik dasturlarni ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, loyihani amalga oshirish jarayonida turoperatorlar, mehmonxonalar, aviakompaniyalar, temir yo‘l xizmatlari, hunarmandlar va ko‘ngilochar maskanlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu esa xalqaro musobaqalar ishtirokchilari va mehmonlariga transport, joylashtirish, ekskursiya hamda boshqa turistik xizmatlarni birlashtirgan takliflarni taqdim etish imkonini beradi. Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda sport turizmi infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro sport aloqalarini mustahkamlash, hududlarning turistik salohiyatini keng namoyon etish va turizm sohasida qo‘shimcha iqtisodiy imkoniyatlarni shakllantirish yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biridir.
Ilhom RAHMONOV tayyorladi

Izohlar (0)