O‘zbekistonda velosport bo‘yicha birinchi professional jamoa tashkil topdi

  • 28 yanvar, 2021, 11:12
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Velosport
CHERY AUTO

Bugun o‘zbek velosportida muhim voqeaga guvoh bo‘ldik. Ushbu sanadan e’tiboran, velosport bo‘yicha O‘zbekistonning ilk professional klubi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tdi va maxsus guvohnomaga ega bo‘ldi. Mazkur voqelik Adliya vazirligida o‘ziga yarasha tantana bilan o‘tkazildi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bosh kotibi Kozim O‘rinboyxo‘jaev, Adliya vazirligi, MOQ va O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Tecno

“UZBEKISTAN CYCLING PRO TEAM” nomi bilan ro‘yxatdan o‘tgan klub endilikda yirik xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi mumkin. Klub shtab-kvartirasi va sportchilar shug‘ullanadigan asosiy baza Sloveniyaning Lyublyana shahrida bo‘ladi. Shuningdek, O‘zbekistonda ham jamoaning yana bir bazasiga ega bo‘lishi belgilangan.

Klub shosse va trek yo‘nalishlarida erkaklar va ayollar bo‘yicha alohida jamoaga ega. Reglamentga ko‘ra, tarkibga umumiy 16 nafar erkak va ayol sportchilarni jalb qilishi mumkin. Bu bilan ushbu jamoa velosportchilari yirik turnirlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega. Jamoaga boshqa davlatlardan legioner sportchilarni ham jalb qilish mumkin. Ilk o‘zbek professional jamoasi o‘zining ilk startini mart oyining so‘ngida Sloveniyada o‘tadigan musobaqada o‘tkazishi kutilmoqda. Rejaga ko‘ra, Murodjon Xolmurodov, Olga Zabelinskaya kabi velosportchilarimiz “UZBEKISTAN CYCLING PRO TEAM” klubi bilan shartnoma tuzadigan ilk rayderlar bo‘ladi.

Velosportda professional jamoamizning tashkil topishi ushbu sportning rivoji yurtimizda yana bir bosqichga ko‘tarilganidan dalolatdir. O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan kelajakda bu kabi jamoalar sonini ko‘paytirish orqali yurtimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shu jumladan, xotin-qizlarni sportga yanada keng jalb qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!