O‘zbekistonlik “So‘ngi Mogikan” Irina Aleksandrovna Viner-Usmanovaga qanday ayyorlik qilgandi?

  • 10 iyul, 2019, 17:01
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Gimnastika
CHERY AUTO

Venera Zaripovani katta yoshli hamyurtlarimiz yaxshi bilishadi. Badiiy gimnastika bo‘yicha ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan tirik afsona hozirda Isroil mamlakatida istiqomat qiladi. Yurtdoshimiz Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro turnirda o‘z shogirdlari bilan ishtirok etish uchun qolaversa, mazkur musobaqani bosh hakami bo‘lganligi sababli yurtimizga tashrif buyurdi. Biz ushbu imkoniyatdan foydalanib, mazkur sportning tom ma’nodagi legendasi bilan suxbat qurdik. Quyida ushbu intervyuni e’tiboringizga xavola etamiz.

Sports.uz ma’lumotnomasi

Venera Zinurovna Zaripova 1966 yil 5 aprelda Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyati Tosh-Ko‘mir tumanida tavallud topgan. Keyinchalik Navoiy viloyati Uchquduq shahriga ko‘chib kelishgan.

Besh karra Sobiq Ittifoq chempioni, O‘n uch marotaba O‘zbekiston chempioni, Jaxon chempionati gurux baxslari chempioni hamda sovrindori, Irina Aleksandrovna Viner-Usmanovaning birinchi shogirdi. Sobiq Ittifoq xalqlari spartakiadasi g‘olibi, Sobiq Ittifoq kubogi soxibi, ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi.veneraxon

Venera Zaripovaning  O‘zbekistonga tez-tez kelishining siri nimada?

Shuni alohida ta’kidlab o‘tishni istardimki, men har yili ish yuzasidan O‘zbekistonga kelaman. 1990 yildan beri Isroil mamlakatida istiqomat qilaman. Menga ona vatanim O‘zbekiston juda yoqadi. Ozgina imkoniyat bo‘lishi bilan Toshkentga kelishga shoshilaman. Chunki, buni o‘ziga yarasha sabalari bor. Ota-onam, singlimni qabrlari shu erda. Hayotimning katta qismi, Toshkentda o‘tgan. Qolaversa, mamlakatdagi o‘zgarishlar ham vatanimga tez-tez kelishimga sababchi bo‘lyapti. Misol uchun, Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan ilgari surilayotgan siyosat, bunyodkorlik ishlarini ko‘rib ko‘zing quvnaydi. Iqtisodiyot tomonidan ham yuksalish bo‘lmoqda. Buni butun jahon e’tirof etmoqda. Qolaversa, tabiati odamni rom etadigan jannatmakon erga albatta kelishni xoxlaysiz. O‘tgan yili Jahon Kubogi munosabati bilan kelgan edim. Mana bu yil “YOUTH CUP” xalqaro turniri munosabati bilan shu erdaman.

“YOUTH CUP” turnirining ketma-ket uch marotaba g‘olibi Shaxaf Xar- lev-xefets aslida kim?

Mazkur turnirda Xitoy, BAA, Rossiya, Ukraina, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Isroil, Tojikistondan hamda O‘zbekistonning 12 ta viloyatidan iste’dodli sportchilar ishtirok etdi. Quvonarlisi, shogirdim Isroil vakilasi Shaxaf Xar- lev-xefets ketma-ket uch marta ushbu turnirning mutloq chempioniga aylandi. Unga ham O‘zbekiston juda yoqadi. Ushbu turnirga Rossiya, Ukraina sportchilarining ham qo‘shilishi musobaqaning saviyasini juda oshirib yubordi desam yanglishmagan bo‘laman. Qolaversa,  mazkur turnirning bosh hakami sifatida taklif etishganini ham aytib o‘tishim lozim. O‘z o‘rnida shunday ishonch bildirganligi uchun O‘zbekiston badiiy gimnastika Federatsiyasi mutasaddilariga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman.VENA AKA

Toshkentga tashrif buyurgan Ukraina va Rossiya badiiy gimnastikachilarining murabbiylari ham o‘zbekistonlikmidi?

Ushbu turnirda o‘zbek gimnastikachilarida ulkan iste’dod mavjud ekanligini ko‘rdim. Ularda sharq qizlariga xos nafislik, o‘ziga xos xissiyot, egiluvchanlik, buyum bilan ishlash maxortalari yaqqol ko‘rinib turadi. Aslida, har bir yurt gimnastikachilarining o‘z yo‘li, shaxsiy imzosi bo‘ladi. Rossiyaliklarni o‘z yo‘li, ukrainaliklarning ham o‘z yashirin kuchlari bor. Lekin e’tibor bering, rossiyaliklar murabbiyi Nelya Muravyova va Ukraina terma jamoasi bosh ustozi Yulya Logachyovalar asli o‘zbekistonlik hisoblanadi. Demoqchimanki, badiiy gimnastika rivoji uchun xizmat qilayotgan murabbiylarning ko‘pchiligi asli yurtdoshlarimizdir.

Qahramonimiz o‘zini Olimpiada g‘olibi deb o‘ylaydimi?

Sobiq Ittifoqning besh karra chempioniman. O‘sha vaqtda Sobiq Ittifoq chempioni bo‘lish, hozirgi kundagi Olimpiada g‘olibi bilan barobar edi. Sababi, shoxsupada doimo Rossiya, Ukraina, Belorussiya sportchilari bo‘lardi. Ular orasidan  O‘zbekiston vakilasi bo‘lib yorib chiqdim, va mexnatim evaziga o‘sha etakchilarni ortda qoldira olgandim.venar opa

Isroilda qanday inqilobning sababchisi bo‘lgandi?

 Isroilga birinchi borgan vaqtlarimda ushbu mamlakat badiiy gimnastikasining saviyasi u qadar yuqori emasdi. Ular kuniga 3 soatdan mashg‘ulotlar olib borar edi. Men esa, haftasiga ikki marta 4 soatdan mashg‘ulotlar olib borilishini yo‘lga qo‘ydim. Ushbu harakatlarim Isroil badiiy gimnastikasida o‘ziga xos ijobiy inqilobni yuzaga keltirdi. Bu esa, hozirda o‘z samarasini bermoqda. Bugungi kunda, isroillik sportchilar butunjahon badiiy gimnastika olamida etakchilar qatoriga qo‘shila olishdi. Misol uchun, Linoy Ashram ayni vaqtda jahonda ikki kuchlisi bo‘lsa, bittasi hisoblanadi.

 Hamyurtimiz badiiy gimnastika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati o‘tkazilishining asoschisimi?

1980 yilda jahon chempionatida Sobiq ittifoq tarkibidagi eng yosh ishtirokchi sifatida qatnashayotgan edim. O‘sha jahon chempionatida hakamlar uchun seminarlar ham bo‘lib o‘tgandi. Bizdan vakil sifatida ikki karra jahon chempioni Irina Deryugina ishtirok etardi. Irina ukrainalik bo‘lib, jahon badiiy gimnastikasi afsonasi mashhur Albina Nikolavena Deryuginaning qizi edi. Irina Ukraina terma jamoasining katta murabiyi sifatida onasining ishini davom ettirayotgan edi. Xullas, o‘sha musobaqada eng yosh ishtirokchi bo‘lib, g‘alaba qozondim. O‘sha vaqtlar bolgariyalik qizlar g‘oliblikni qo‘ldan bermasdan kelardi. Eng yoshi bo‘lishiga qaramay ularni ham mag‘lub eta oldim. Yakunda musobaqa bilan birgalikda 84 ta hakam ishtirok etgan seminarda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida jahon chempionati, o‘tkazish borasida gap-so‘zlar paydo bo‘la boshladi. Men chiqishlarim bilan ularning shunday musobaqa o‘tkazishga majbur qila olgandim. Albatta, buni hayotga tadbiq etishga biroz vaqt ketdi. Keyinchalik o‘smirlar, yoshlar o‘rtasida qit’a chempionatlari, jahon chempionatlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Biroz vaqtdan so‘ng, ushbu sport turi Olimpiada o‘yinlari dasturiga ham kiritildi. Demoqchimanki, ushbu turnirlarni o‘tkazilishiga sababchi, asos solgan inson qarshingizdagi Venera Zaripova bo‘ladi desam yanglishmagan bo‘laman.vena

Rus primadonnasi Alla Pugachyova bilan munosabat qanday?

Braziliya, Argentina, urugvay, Paragvay, Hindiston mamlakatlarida tashkil qilingan festivallarda ishtirok etganman. Qiziq tomoni rus primadonnasi Alla Borisovna Pugachyova bilan o‘sha festivallarda birga chiqish qilganmiz.

Buxorolik qizlarga qoyil qolganmidi?

Hozirgi kundagi o‘zbek murabbiylariga ham yuqori baxo bera olaman. Chunki, bu erda o‘ziga xos maktab mavjud. O‘zbekiston terma jamoasi katta murabbiyining tajribasi juda  yuqori.12 ta viloyatni oladigan bo‘lsak, ular orasida buxorolik qizlar hamda ularning murabbiyi menda yorqin taassurot qoldirdi.

Qahramonimizdan keyingi yurtimizdan etishib chiqqan avlod vakillari borasida nima deydi?  

Mendan keyin ham juda ko‘plab ajoyib, sportchilar etishib chiqqan. Jumladan, Alina Kabaeva, Zarina Muxammeddinova, amakivachcham Amina Zaripova, Mariya Nikolaevna, Yanina Batyrshina, Ulyana Trofimova, Zamira Sanaqulova, Elizavetta Nazarenkovalarni aytib o‘tgan bo‘lardim. Balki, hozir yodimda yo‘qlari ham bordir. Ular o‘z vaqtida barcha yuqori natijalarni qayd eta olishgan.AVVVVV

Ajoyib futbolchi Marat Kabaev qahramonimizdan nimani iltimos qilgan edi?

Alina Kabaevani alohida ta’kidlab o‘tardim. Uni birinchi marta badiiy gimnastikaga men olib kirganman va undagi iste’dodni xis qiliganimdan so‘ng, Irina Aleksandrovna Viner-Usmanovaga ko‘rsatgan edim. Raxmatli otam bilan Alinaning dadasi Marat Kabaev juda qadrdon bo‘lganlar. O‘sha vaqtlar Marat “Paxtakor”da to‘p surardi. U mendan qizini Irina Vinnerga ko‘rsatishimni iltimos qilardi. Asosan, musobaqalar, mashg‘ulotlar, safarlarda yurardim. Shuning uchun, uni alohida olib borib ko‘rsatishga vaqt etmasdi. Qolaversa, bu kichik qizaloqni ustozimga tavsiya etishga qo‘rqardim ham. Chunki, Irina Vinner juda qattiqqo‘l, talabchan edi. Men va ustozim o‘rtasida o‘ziga xos masofa mavjud bo‘lib, har qanday narsani ham iltimos qila olmasdim. Albatta, bu xurmat yuzasidan edi.

Irina Vinnerga ishlatilgan ayyorlik qanday bo‘lgandi?

Keyinchalik faoliyatimni yakunladim va Toshkentga uyga kelsam, Marat Kabaev biznikida mexmonda ekan. Men bilan ko‘rishib, yana odatiy savolini berdi. Alinani tarbiyalaysanmi, Vinerga ko‘rsatasanmi... Ha, bo‘ldi endi qo‘rqmayman.Chunki faoliyatimni yakunladim dedim. Faqat undan bitta narsani iltimos qildim. Ya’ni Alinani bobosi va buvisi o‘zi yashab turgan daxada Krameyko ismli murabbiyga olib borardi. Irina Aleksandrovna esa u bilan xech qachon chiqisha olmagan. Ko‘p bora turnirlarda ikkalasi orasida kelishmovchilik bo‘lardi. Shuning uchun, men Alinaga xech qanday murabbiyda shug‘ullanmaganligi, hozirgi xolati tabiiy ekanligini aytishini tushuntirdim. Chunki, agar Krameykoni shogirdi ekanligini bilganda ustozim balki uni olmagan, shug‘ullantirmagan bo‘lardi.

Irina Aleksandrovna Viner-Usmanova Alina Kabaevani baqaloqlikda ayblaganmidi?

So‘ngra, Alinani ustozim oldiga olib bordim. Irina Aleksandrovna bu kichik qizaloqni ko‘rib, bu kim? Kim olib keldi?-deya so‘radi. Men deya javob berdim. Ustozim odatdagidek biroz baqir-chaqir qildi. Ruxsat so‘ramaganligim uchun. Men Alinani kiyinish xonasiga olib kirdim. U tabiiyki, qo‘rqib ketgan edi. Unga tushuntirdimki, sen qo‘rqma, o‘zingni hotirjam tut va ustozga o‘zingni qanday maxoratga ega ekanligingni ko‘rsat dedim. Tushunitirish ishlarini olib borganimdan so‘ng, yana oldiga olib kirdim. Irina Vinner yana so‘radi. Bu kim? Men javob berdim. Bu qizaloq “Paxtakor” jamoasi futbolchisi Marat Kabaevning qizi. Juda iste’dodli, egiluvchanligi yuqori bir ko‘rib bering deya iltimos qildim. Ustozim rozi bo‘ldi. Alina esa, nimalardir qilib, mahoratini ko‘rsatishga harakat qilardi. Tabiatan egiluvchan bo‘lgan qiz ajoyib harakatlarni ijro etdi. O‘sha vaqtda Alina to‘laroqdan kelgan qizaloq edi. Ushbu xolat uchun e’tiroz bildirdi. Men esa, bu bolalikdagi xolat o‘tib ketishini, formaga tusha olishini aytdim. Unday bo‘lsa, Malkina Andreevnaga olib bor dedi. Shunday qilib, Alina Malkinaning qo‘liga tushdi. Biroz vaqt o‘tdi. Kabaeva o‘sib-ulg‘aydi. Keyin Malkina Vinnerga qo‘ng‘iroq qilib. Alinaning ajoyib formaga kirganligini, o‘zidagi borini berganligini bundan ortig‘ini bera olmasligini aytadi va o‘zining qaramog‘iga olishini iltimos qiladi. O‘sha vaqtda Irina Vinner Moskvada faoliyatini olib borayotgandi.alina vinner

Alina Kabaeva uch oyda Vinerning mexrini qozona oldimi?

Shundan keyin onasi Lyuba bilan Alina Moskvaga yo‘l oladi. Irina Vinnerning oldiga olib borishganida tarix yana takrorlanadi. Ya’ni bu qizing hali ham semizku deya e’tiroz bildiradi. Shunday bo‘lsada, uning chiqishlarini ko‘rib, 3 oyda oza olasanmi deya so‘raydi. Alina albatta deb javob beradi. Unda, sen ajoyib gimnastikachi bo‘lib etishasan.Chunki senda boshqalardan ajralib turadigan o‘ziga xos tabassuming va ideal egiluvchan tanang bor deydi. Shu bilan Alina Irina Aleksandrovna Viner-Usmanova qo‘l ostida mashg‘ulotlarga kirishadi. Oradan uch oy o‘tadi va Vinner Lyuba Kabaevaga telefon qiladi. Bunday gimnastikachining oldida onasi albatta bo‘lishi zarur deydi. Xullas, Alina Kabaeva bilan shunday voqeylik bo‘lgan edi.

 

Yurtdoshimizni “So‘ngi Mogikan” ga qiyoslashar edimi?

Faoliyatimni ko‘p bora yakunlashni o‘ylaganman. Lekin qat’iy qaror mamlakat kubogi vaqtida jarohati bor oyog‘imni yana bir bor qayirib olganimdan so‘ng kelgandi. O‘sha vaqtlarda Sobiq Ittifoq hamda O‘zbekiston terma jamoasi raxbarlari ko‘p bora yana faoliyatimni davom ettirishimni iltimos qilishdi. Sen “So‘ngi Mogikan”san deya, Fenimor Kuper asaridagi qahramonga qiyolashar edi. Sening chiqishlaringdan butunjahon zavq oladi. Yoshlar kimdandir o‘rnak olishi, o‘rganishi kerak deb iltimos qilishgan. Chunki o‘sha vaqtlar bizning klassik avlodimiz o‘z faoliyatini yakunlab bo‘lgandi. Bittagina men qolgandim. Shuning uchun ham “So‘ngi Mogikan” deb atashardi.

Mazkur sport turida MDH davlatlariga raqobatchi bor deb o‘ylaydi?

Albatta, MDH mamlakatlari doimo etakchi bo‘lgan. Lekin hozirda jiddiy raqobat tug‘dirayotganlar ham yo‘q emas. Asosan, italiyaliklar gurux baxslarida kuchli, hozirda yakkalikda ham yaxshi natijalar qayd etishmoqda. Isroil sportchilari juda ideal ko‘rinish olgan. Bolgariyaliklar har doim etakchi bo‘lib kelishgan. Umuman olganda hozir barcha mamlakatlarda badiiy gimnastika rivojlanish bosqichida. Chunki, juda ko‘p yurtlarda asosan rossiyalik, ukrainalik, o‘zbekistonlik murabbiylar faoliyat olib bormoqda.

“Domodedovo” aeroportidagi sarguzasht qanday bo‘lgan yoxud hamyurtimizning kuchli tomoni nimada edi?

Umuman olganda barcha yo‘nalishda mukammal harakat qila olardim. O‘sha vaqtlarda obruchlar faqat temirdan bo‘lardi. Bulavalar esa yog‘ochdan. Lentalarni o‘zimiz tayyorlab olardik. Hozirgi kundagi mukammal sharoitlar bo‘lmagan. Bizning chiqish qilishdagi asbob-uskunalarimizni ibtidoiy desak to‘g‘ri bo‘lmasa keragu, lekin shunga yaqinroq narsalardan foydalanganmiz. Qolaversa, biz mashg‘ulotlar olib borishda joy tanlab o‘tirmaganmiz. Shalog‘i chiqqan zallarda ham, ochiq maydonlarda, tennis kortlarida hatto aeroportning o‘zida ham shug‘ullanaverardik.  Misol uchun, Rossiyaning "Domodedovo" aeroportida uch kunlab qolib ketgan kunlarimiz bo‘lgan. O‘shanda, aeroportning o‘zida mashg‘ulotlar o‘tkazganmiz. Shundoq erga gazeta, kartonlarni yozib olib, yotganmiz. Shunchaki bularning aytishimga sabab, hozirgi sharoitlardan yoshlarimiz unumli foydalansin. Chunki, barcha sharoit muxayyo. O‘zbekistonga tashrifim mobaynidagi bu erda qurilayotgan sport majmualarini, bu erdagi qulayliklarni ko‘rib, havasim keladi. Qolaversa, hozir o‘ziga xos rag‘batlantirish bor. Mashinalar, uylar berilayapti. Biz esa, juda qiyinchiliklarni,sinovlarni boshdan o‘tkazganmiz. Bizda faqat maqsad bor edi. Biz faqat vatan sha’ni uchun kurashganmiz.venr

Badiiy gimnastikachilarimiz kuchli 10 lik sari yaqinlashmoqdami yoxud Margarita Mamunlarga raqobatchilar yurtimizda topiladimi?

Bilasizmi, Margarita Mamunlar davri ortda qolib ulgurdi. Hozirda, terma jamoada birgalikda shug‘ullangan dugonam Vera Shatalina shogirdlari opa-singil Dina hamda Arina Averinalar jahon badiiy gimnastika olami etakchilariga aylanishdi. O‘zbekistonda ham yaxshi, iste’dodli qizlar bor. To‘g‘ri, hozir kuchli o‘nlikka ham kirishmaydi. Lekin ular asta-sekinlik bilan ushbu marraga yaqinlashib kelishmoqda. Asosiysi ularda maqsad va shunga omil bo‘la oladigan maxorat mavjud.

Isroilda maktab direktori lavozimida ishlaydimi?

Isroilda badiiy gimnastika bo‘yicha maktab-akademiyaning direktori lavozimida faoliyat yuritaman. Qolaversa, mashg‘ulotlar o‘tkazaman. Turnirlarga asos solganman. Misol uchun, noyabr oyida 13-bor “Venera CUP” xalqaro turniri o‘tkaziladi. Ushbu turnir meni nomim bilan yuritiladi. Mazkur musobaqani jahon darajasida ilk bor horijda oktyabr oyida Batumi shahrida o‘tkazishni rejalashtirayapmiz.

Afsonadan yoshlar uchun o‘ziga xos nasixat...

Yosh qizaloqlarimizga faqat mexnat qilishlarini, ustozlarini xurmat qilishlarini va ular aytganlarini bekamu-ko‘st bajarishlarini, o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘yib. Unga intilishlarini ta’kidlab o‘tardim.aaaaaaa

Ahmadbek EShMATOV suxbatlashdi.

 

 

 

 

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!