O‘zimizga qayt, “Real”da o‘ynay olmayapsan
Ketish xato bo‘lgan ekan
«Liverpul» mutasaddilari hozirda «Real» safida to‘p surayotgan o‘ng qanot himoyachisi Trent Aleksander-Arnoldni yana jamoaga qaytarish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
«Liverpul» bilan amaldagi shartnomasini uzaytirishdan bosh tortgan Trent 2025 yil yozida «Real»ga o‘tgan edi. Biroq u o‘tgan mavsumda Ispaniya chempionati — La Liga doirasida faqat 14 ta uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi.
Joze Mourinyo «Real» bosh murabbiyi lavozimiga qaytganidan keyin ham angliyalik futbolchining ahvoli yaxshilanmadi. 28 yoshli himoyachi o‘zining asosiy pozitsiyasida nominal yarim himoyachi Federico Valverdega raqobatda yutqazib qo‘ymoqda.
TEAMtalk nashrining xabar berishicha, Aleksander-Arnold Madriddagi hayotidan mamnun, ammo o‘yin amaliyoti yetishmayotganidan norozi.
Trentning vaziyati nafaqat «Liverpul», balki «Arsenal», «Chelsi», «Manchester Siti» va hatto «Bavariya» klublarining ham e’tiborini tortgan.
«Liverpul» haligacha Trent bilan xayrlashuvdan keyingi muammolarni to‘liq bartaraf eta olmagan. Uning o‘rniga jalb qilingan Jeremi Frimpong esa beqaror o‘yin namoyish etmoqda va muntazam ravishda jarohatlar tufayli safdan chiqmoqda.
«Real»ga yaqin manbaning ta’kidlashicha, Madrid klubi Aleksander-Arnolddan qutulishga intilmayapti. Biroq futbolchining o‘yini yaxshilanmasa, klub uning transferi bo‘yicha maqbul takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor bo‘ladi.

Izohlar (0)